Janubiy va Shimoliy Koreya Olimpiadada bir jamoa bo’lib qatnashishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreya hukumati kelasi oy shu mamlakatda bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlarida Janubiy va Shimoliy Koreya sportchilari bir jamoa bo’lib qatnashsin, demoqda. Ammo ayrim janubiy koreyalik sportchilar bu tashabbusga qarshi.

Xususan xokkey bo’yicha ayollar jamoasi ikki mamlakat vakilalaridan tuzilishi mumkin. Ular 2017-yil aprelida Jahon chempionatida o’zaro bellashgan edi.

Janubiy Koreya jamoasi bosh murrabiyi Sara Murreyning aytishicha, Olimpiadaga sanoqli kunlar qolganda jamoaga yangi o’yinchilarni qo’shish xavflidir, komandada birlik yo’qolishi mumkin, hozirgi o’yinchi qizlar ko’p yillardan beri birga o’ynab keladi.

Bu borada yakuniy qaror qabul qilinganicha yo’q.

“O’yinchilarimiz jamoadagi o’rnini peshona terisi bilan qozongan. Ularni Olimpiadadan ayirmaslik kerak. Yangi odamlarni qo’shsak, muhitga ta’sir qiladi, ammo biz bundan chalg’imasligimiz kerak. Agar Olimpiadada yaxshi natija ko’rsata olmasak, buni bahona qilib ko’rsatmasligimiz lozim. Nima bo’lganda ham qattiq harakat qilishimiz zarur”, - deydi murabbiy.

Janubiy Koreya Madaniyat, sport va turizm vaziri Do Jon Vanning aytishicha, jamoadagi 23 qizning hech biri o’rnini yo’qotmaydi.

“Tarkib 30 tagacha kengaytiriladi”, - deydi u.

Janubiy koreyalik qonunchi Kim Ki Sun nazarida, Pxenyan Olimpiya o’yinlaridan o’z siyosiy maqsadlari yo’lida foydalanmoqda. O’tgan Olimpiada ochilishida ikki Koreya sportchilari bir jamoa bo’lib o’tganidan so’ng tinchlik uzoqqa cho’zilmadi, deydi u.

Minglab janubiy koreyaliklar internetda tashkil etilgan murojaatda hukumatdan bu tashabbusdan voz kechishni talab qilmoqda.