Qirg’iziston o’zbeklari yana millatchilikka asoslangan qarama qarshiliklar domiga tortilishi mumkin. Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruh (International Crisis Group) chiqargan yangi hisobotiga ko’ra, mamlakat janubidagi siyosiy doiralarda aksil-o’zbek kayfiyat kuchliligicha qolmoqda. Markaziy hukumat elatlar o’rtasidagi taranglikni yumshatish uchun yetarlicha chora ko’rmayapti. O’zbeklar jamiyatdan chetlashtirilmoqda. Qirg’izistonda yangi tuzum shakllana boshlagach ham vaziyat o’zgarmadi, deydi o’zbek aholi vakillari.
Ularning tilida axborot uzatadigan vositalar yopilgan. O’zbek huquqlari toptalganida qaya borishni bilmaydi, chunki ular adliya tizimiga ishonmaydi.
O’zbeklar har tomonlama tushkunlikda, deya bildiradi tashkilot, qirg’iz millatchilari buni g’alaba sifatida baholamoqda. Vaziyat shu tariqa davom etsa, yangi ziddiyatlar avj olishi mumkin.
Markaziy hukumatga o’zbeklarni siyosiy va ijtimoiy hayotga faol aralashtirish tavsiya qilinadi.
Belgiyada ro’yxatdan o’tgan va etnik nizolarni o’rganishga ixtisoslashgan Alisher Novoiy Instituti olib borgan izlanishlar ham shuni ko’rsatgan.
Institut ijrochi direktori Dilmurod Tillaxo’jaev deydiki, Qirg’izistondagi millatlararo vaziyat tahlikali va asosiy sabab siyosiy doiradagi millatchilikdir.
“Qirg’iz siyosatchilarining hokimyat uchun kurashida hech narsa ko’zga ko’rinmayapti. Qirg’iz-o’zbek munosabatiga hokimyatga keltiruvchi kuch sifatida yondashishmoqda”, - deydi u.
O’zbeklar shu tariqa markaz va janubdagi siyosiy kuchlar qo’lida o’yinchoq.
O'shdagi manzara, 2011-yilda olingan suratlar:
Dilmurod Tillaxo’jaevning o’zi O’shdan. Qirg’inlardan keyin Qirg’zistonda yangi prezident saylanib, yangi hukumat vujudga kelganida birdamlik sari umid bog’langan edi. Lekin ular oqlanmadi, deydi suhbatdosh.
“Janubdagi siyosatchilar o’zaro qarama qarshiliklarni yengib hokimyatga bir kuch sifatida intilishmoqchi. Janubdagilarda o’zbeklar hisobidan o’z elektoratlarini ko’paytirishga intilish bor... Atambayev o’ziga yarasha xaresmatik shaxs, siyosatchi bo’lishiga qaramay, baribir bir qadar ojizroq siyosatchiga o’xshayapti, boshqalarga qaraganda. Bu odamga ta’sir qiliuvchi narsalar ko’p”, - deydi Tillaxo’jaev.
Xalqaro hamjamiyat O’shdagi elatlararo taranglikni e’tibordan qochirmasligi kerak, deydi tadqiqotchi. O’tgan ikki yil ichida vaziyatni barqarorlashtirish vazifasi faqat hukumat ixtiyoriga yuklab qo’yildi, xalqaro hamjamiyat ahvolni ko’zdan qochirdi, deydi suhbatdosh.
2010-yilning iyunida Qirg’iziston janubida yuz bergan qirg’inda yuzlab odamlar qurbon bo’lgan.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bu fojiani mustaqil o’rganib chiqqan. Kimmo Kilyunen hisobot berganida, uni Qirg’iziston hukumati ochiq ko’ngil bilan qabul qilmagan. Parlament qat’iy qoralab, Kilyunenni mamlakatga kirish huquqidan mahrum etgan.
Qirg’iz qonunchilari qirg’inda asosan o’zbek yetakchilarini ayblagan. Yuzlab insonlar qamoqqa tashlandi yoki mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi.