Your browser doesn’t support HTML5
30 yil oldin Sovet qo’shinlari salkam 9 yillik amaliyotdan so’ng Afg’onistondan chiqqan. Afg’on istilosi Sovet Ittifoqiga qimmatga tushgan - salkam 15 ming sovet askari nobud bo’lgan. O’tgan asr oxiri voqealari Rossiyada haligacha qizg’in munozaraga sabab bo’lmoqda.
Shu hafta rossiyalik rejissor Pavel Lungin ishlagan “Afg’onistonni tark etib” badiiy filmi katta ekranga chiqmoqda. “Amerika Ovozi” Lungin bilan suhbat qildi. Tanqidchilar nazarida, film Rossiya imijiga dog’ tushiradi.
Pavel Lungin urushga qarshi film ishlamoqchi bo’lgan. Rejissor Sovet-afg’on mojarosining shafqatsiz va toshbag’ir tomonini yoritishga harakat qilgan. Film Rossiya jamiyatini qiynab kelayotgan yaralar va afg’on urushi mavzusi bobidagi qattiq tortishuvlarni yuzaga chiqardi.
“Yaralar bitmagan ko’rinadi hali. Yiringlashda davom etmoqda”, - deydi Lungin.
“Afg’onistonni tark etib” filmi Rossiyada siyosatchilar, urush faxriylari tashkilotlari va faollar tanqidiga uchradi. Ular nazarida, kartina Sovet armiyasining mujohidlarga qarshi urushini salbiy ranglarda ko’rsatgan. Sovet askarlari orasida talon-taroj, piyanistalik, mushtlashuv sahnalarini novatanparvar deb, Rossiya obro’siga dog’ tushirishini aytishdi.
“Bu narsa yoshlarimizga salbiy ta’sir qiladi. Filmlar yoshlarni yurtimizga muhabbat ruhida tarbiyalashi kerak”, - deydi 1982-1983-yillarda 40-armiya shtabini boshqargan Norat Ter-Grigoryans.
“Kinoda ko’rsatilgan voqealarning haqiqatdan yiroq. Talon-taroj, piyanistalik, axloqsizlik bo’lmagan. U yerda intizomli armiya jang qilgan”, - deydi “Prezident” gazetasi muharriri Sergey Komkov.
Tanqidchilar film rejissorini G’arb ayg’oqchisi deb, film uchun olingan ijara litsenziyasini bekor qilishni talab qilmoqda.
“Sovetcha fikrlaydigan ayrim odamlar uchun jamiyati haqidagi har qanday haqiqat xoinlikdir. Axir bu yoshlarimiz yoki xorijliklardan yashiradigan harbiy sir emasku”, - deydi Lungin.
Ba’zilar sovetlarning Afg’onistondagi urushini Rossiyaning xorijdagi hozirgi harbiy kampaniyalariga qiyoslaydi. Biroq Lungin tanqidchilari Kremlda impercha maqsadlar borligini inkor etadi.
“Rossiya hech qachon bosqinchi yoki istilochi bo’lmagan. Rossiya birorta harbiy ittifoqlarga kirmagan va hududini kengaytirgani yo’q”, - deydi muharrir Komkov.
Rejissorning aytishicha, uning yangi filmi Rossiya jamiyati tarixiga yangidan nazar solish uchun imkoniyatdir.
“Tariximizga ma’naviy baho bermaymiz odatda. Yagona xulosa shuki, Rossiya doim haq”, - deydi Lungin.
Filmni ko’rgan tomoshabinlarning ba’zilari uni olqishladi.
“O’sha urush hech kimga kerak emas edi. Maqsadlarimizga yeta olmadik, chunki buning iloji ham yo’q edi”, - deydi ulardan biri.
“Tarixchilar Afg’onistonda ikkita xatoga yo’l qo’yganimizni aytishadi. Birinchisi, u yerga qo’shin yuborganimiz, ikkinchisi esa u yerdan chiqqanimiz”, - deydi boshqasi.
AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi bo’lgan yirik siyosiy arbob Zbignev Bjezinskiy sovetlarning Afg’onistondagi to’qqiz yillik istilosini “Sovet Ittifoqining Vyetnami” deb atagan. Kampaniya boshida rahbarlar uni olqishlagan, bunday filmlar esa o’sha davr voqealariga yangicha ko’z bilan qarashga imkon beradi.