Garpun - samoni chiqindidan tozalashning yana bir usuli

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Davlatlar orasida fazoviy poyganing kutilmagan oqibatlaridan biri shuki, koinot bugun chiqindiga to’lib ketgan. Aksariyati kichik jismlar bo’lsa-da, soatiga 17 ming kilometr tezlikda harakatlanayotgan har qanday temir parchasi fazo kemalariga zarar yetkazishi tayin. Fazoda axlatni kamaytirish ustida olimlar bosh qotirmoqda.

Yil boshida tushirilgan bir videoda eksperiment tasvirlangan. Fazoviy bir jismga qarata nayza otiladi va ushlanadi. Yer orbitasida erkin uchib yurgan axlatni tozalash uchun bu kabi ilmiy eksperimentlar muhim.

“Fazoviy chiqindilar haqiqatdan ham muammo. Oldingi uchirilgan raketa yoki ishdan chiqqan apparat parchalari fazo kemalariga urilib, jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Ikki jism to’qnashganda, ular 17 ming kilometr tezlikda harakatlanishi hech gap emas”, - deydi loyiha rahbari Saymon Fellovs.

Garpun-nayza eski sun’iy yo’ldosh singari yirik jismlarni tutib, ularni parchalash uchun Yer tomon yo’naltirishga mo’ljallangan.

“Garpunning ishlash prinsipi quyidagicha: u fazo kemasidan kengaygan gaz yordamida otiladi. Piston oldinga yo’nalib, garpun zarb bilan katta tezlikda otilib chiqadi - tezligi sekundiga taxminan 20 metr. Nayza mo’ljalga borib sanchiladi va uni qo’yib yubormaydi”, - deydi Fellovs.

“Samoda uchib yurgan jism aniqlangandan keyin, unga qarata nayza otiladi. Uchidagi tishlari ochilganidan so’ng jism qulflangan hisoblanadi. Tishlarni o’zimiz boshqara olamiz”, - deya tushuntiradi muhandis Piter Stil.

Yer orbitasida taxminan 7 ming tonna chiqindi uchib yurgani aytiladi. Ular tezlikda harakatlanayotgani uchun sun’iy yo’ldoshlar, raketalar, kosmik stansiyalar va hatto astronavtlarga ziyon yetkazishi mumkin.

Garpun sinovdan o’tkazilayotgan yagona usul emas. Axlatni to’r bilan ushlab olish taklifi ham bor.

“Bu eksperimentlar juda muhim, chunki fazoviy chiqindilar muammosini hal qilishimiz kerak. Turli usullarni sinab ko’rib, ko’p narsa o’rganyapmiz”, - deydi olima Keti Beshford.

Hozirda AQSh Yer orbitasida erkin uchib yurgan 17 ming jismni kuzatadi. Ammo kattaligi bir santimetrdan 10 santimetrgacha bo’lgan yana millionlab jismlar borki, hammasini kuzatish imkonsiz.