Koinot bugun chiqindiga to’la. Eskirgan kosmik apparatlarning qoldiqlari Yer atrofida uchib yurgan sun’iy yo’ldoshlar bilan, qolaversa, Xalqaro fazo stansiyasi bilan to’qnashib ketishi mumkin, deydi olimlar. Yechimlar ustida bosh qotirish kerak.
Fazoviy chiqindilar muammosining yechimi bor, deydi Yevropa fazo boshqarmasi vakili Luiza Innokenti.
“Birinchidan, koinotni ifloslantirishni bas qilish kerak. Ikkinchidan, tozalash ishlarini boshlash zarur”, - deydi u.
Har ikki metodni tatbiq qilish qiyin.
Fazoda axlatni kamaytirish bo’yicha xalqaro kelishuv mavjud emas. Ammo alohida davlatlar iste’moldan chiqarilgan apparatlarni o’ziga xos “qabristonga” yetkazib qo’yishni vazifasi deb biladi.
Bu orada, chiqindi miqdori oshib bormoqda. Vaqti-vaqti bilan ro’y beradigan to’qnashuvlardan yanada mayda bo’laklar hosil bo’ladi.
Ayni damda Yevropa fazo boshqarmasi kattaroq jismlarni tutib, xavfsiz joyga eltib qo’yadigan robot “qo’l”ni sinovdan o’tkazyapti.
Italiyalik olima Mishel Lavanya eski sun’iy yo’ldoshlarni to’rga ilintirishni taklif etadi.
“Baliqchilarning dengizda qiladigan ishiga taqlid desak bo’ladi. Sayyora atrofida erkin uchib yurgan jismga yaqinlashmasdan, to’r tashlaysiz va o’rab olasiz. To’rga ilingan chiqindini olisroq joyga olib borib tashlash mumkin”.
Muhandis Benua Bonvoysin kabi yana bir guruh olimlar parchalanib ketmaydigan sun’iy yo’ldoshlarni yaratish ustida bosh qotirmoqda.
“Bu apparatlarni yasashda ishlatiladigan materiallarni yaxshiroq tushunishimiz kerak. Ana undan so’ng dizaynga o’zgartirishlar kiritsa bo’ladi. Umri tugagan sun’iy yo’ldoshlar qayeridan darz ketadi, qanday qismlarga bo’linib ketadi, shuni o’rganyapmiz. Shunday materiallar ishlatish kerakki, imkon bo’lsa butun qolsin”, - deydi olim.
Bular kelajak rejalar. Fazoviy chiqindilarni yig’ib olish qachon boshlanishi noma’lum.