Yerda virus sabab yozgi sayohatlar bekor qilinayotgan bir paytda, AQSh Fazo agentligi NASAning qizil sayyoradagi “Curiosity” roboti navbatdagi safarini boshladi.
“O’tmishda butun bir qit’a bo’ylab tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyalarni bir eslang. Bunisi ham shunga o’xshash bo’ladi”, - deydi “Curiosity” loyihasi boshqaruvchilaridan biri Abigeyl Frayman.
Hajmi avtomobildek keladigan, 17 kamerali robot 2012-yilda Marsga qo’ndirilgan edi. O’shandan buyon, deydi olima, apparat hayotdan darak beruvchi dalillarni qidirmoqda.
“Sayyorada hayot bo’lishini nima belgilaydi? Yerda hayot qanday qilib paydo bo’lgan? Marsdachi, tirik organizmlar bo’lganmi? Boshqa sayyoralardachi? Savollar ko’p”, - deydi Frayman.
Tadqiqotlar olib borish uchun “Curiosity” roboti Marsdagi tog’ atrofida 1,6 kilometr yo’l bosib o’tadi. To’plangan ma’lumotlar sayyora tarixi va iqlimidagi o’zgarishlarni o’rganishga yordam beradi.
“Bunday ekspeditsiya planetani chuqurroq tushunishni ko’zlaydi. U yerdagi iqlimga qanday omillar ta’sir qiladi? Hayot bor-yo’qligini nima belgilaydi? Bu savollarga javoblar o’z sayyoramizni yaxshiroq tushunib olishga, uning kelajagini bashorat qilishga yordam beradi”, - deydi olima.
Robotning ilmiy sayohati ikki oycha davom etadi. Katta toshlarni va xavfli hududlarni aylanib o’tish kabi oddiy qarorlarni uning o’zi qabul qiladi. NASA olimlari unga Yerdan yordam berib turadi.
Amerikalik ayol astronavtlar orasida birinchi bo’lib ochiq fazoga chiqqan Keti Sallivan yana bir yutuqni qo’lga kiritdi.
Buni ham ko'ring Marsga yangi tadqiqotchi robot uchiriladi“Olovli raketada osmonga ko’tarilishdan farqli o’laroq, okean tubiga tushish juda silliq, osuda. Liftda pastga tushayotgandek”, - deya tasvirlaydi u.
68 yoshli Sallivan suv sathidan 11 kilometr pastga, okeanlarning eng chuqur nuqtasiga tushgan kam sonli insonlar qatoridan o’rin oldi. Geolog-olima okean suvlari mikroplastik zarrachalari bilan tobora ifloslanayotgani haqida ogohlantirmoqda.
“Har ikkinchi olgan nafasingiz uchun kislorodni planktonlar ta’minlab beradi. Hayotimiz okeanlar bilan chambarchas bog’liq”, - deydi Sallivan.
Shuningdek, o’tgan hafta “Neowise” deb atalmish kometa Fransiya osmoni uzra tongda uchib o’tdi. NASA agentligining bildirishicha, kometani avgust o’rtalarida yana bir bor ko’rish mumkin.