2011-yilda AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi 30 yillik kosmik dasturini tugatganida, astronavtlar Floridadan yana samoga ko’tarilishi uchun to’qqiz yil vaqt ketadi deb hech kim o’ylamagan edi. Kosmik tadqiqotlarning yangi davrida xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikka katta umidlar bog’langan.
Astronom Geza Juk Adler planetariysidagi barcha jihozlardan foydalansa-da, koinotni tushunishda buning o’zi yetarli emas.
“Planetariyda kattagina teleskop bor, lekin Chikagodagi tungi yorug’lik sabab yulduzlarni kuzatish qiyin”, - deydi u.
Shuning uchun u Xalqaro fazo stansiyasidagi astronavtlar o’rnatgan jihozlar, ular o’tkazadigan sinovlarga tayanadi. Bu menga nafaqat kosmosni kuzatishga, balki Yer sayyorasini yuqoridan ko’rishga yordam beradi, deydi olim.
Buni ham ko'ring Fazo yangiliklari: Oyda konchilik, qora tuynuk, samodagi ohanglar2011-yilda AQSh kosmik dasturlari nihoyasiga yetgan edi. O’shandan buyon AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi NASA Xalqaro kosmik stansiyaga chiqish uchun Rossiya raketalaridan foydalanib keladi. 30-may kuni amerikalik ikki fazogir bu gal Amerika raketasida stansiyaga uchishi rejalangan. Parvoz 27-mayga belgilangan edi, biroq noqulay ob-havo tufayli qoldirilgan.
“Albatta, jonli tomosha qilaman”, - deydi Geza Juk.
Missiya uchun fazogirlar Bob Benken va Daglas Xerli tanlangan. Har ikkisi o’tmishda harbiy uchuvchi bo’lgan. Ularni fazoga olib chiqadigan sistemalarni qisman NASA moliyalagan.
“NASA uskunalarni sotib olmaydi, egalik qilmaydi. Aksincha, mijoz rolidamiz”, - deydi agentlik rahbari Jim Braydenstayn.
“Falcon 9” raketasi, “Dragon” kapsulasi va xizmatni “SpaceX” kompaniyasi ta’minlaydi. Astronavtlarni muntazam ravishda fazoga olib chiqish vazifasini ana shu kabi xususiy kompaniyalar o’z zimmasiga olmoqda.
Dunyo hamon koronavirus bilan kurashayotgan bir paytda, missiyaga ruxsat berildi.
“15-martdan beri karantindamiz. Kosmik dasturlar tarixida eng uzoq payt karantinda o’tirgan ekipajmiz”, - deydi fazogir Daglas Xerli.
Astronom Geza Jukning aytishicha, xususiy kompaniyalardan foydalanish arzonroq hamdir.
Buni ham ko'ring NASA Rossiyaning "Soyuz" raketasidan foydalanishni to'xtatishi mumkin“NASA har bir missiya uchun qariyb 500 million dollar sarflar edi. “SpaceX” ning qayta ishlatiladigan raketalari bilan uchish 50 millionga tushadi. 10 barobar arzon”, - deydi u.
Olim fikricha, xususiy kompaniyalar NASA bilan hamkorlikka jalb etilayotgani kosmosdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“SpaceX” raketadagi o’rinlarni boshqa odamlarga ham sotishi mumkin. Masalan, men kelajakda uchmoqchi bo’lsam, chipta sotib olaman. Bu ajoyib biznes model, chunki yangi imkoniyatlar eshigini ochadi”, - deydi Geza Juk.
Tijoriy kompaniyalarning e’tibori fazoviy turizmni rivojlantirishda ekan, NASA ham yangi kosmik kemalar yaratish fikridan qaytgani yo’q. Agentlik astronavtlarni Oyga va keyinchalik Marsga eltadigan yangi avlod raketa va kapsulani sinovdan o’tkazmoqda.