"Sputnik V" vaksinasi - Rossiyaning yumshoq kuchi

  • Amerika Ovozi

Rossiya koronavirusdan aziyat chekayotgan mamlakatlarni “Sputnik V” vaksinasi bilan ta’minlash xususida kelishayotganini ba’zilar “yumshoq kuch”ni ishga solish deya ko’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-mart, 2021-yil

Rossiya vaksinasini ijtimoiy sahifalar orqali reklama qilmoqda.

“Bugun buyuk g’alabaga erishdik. Nafaqat Rossiyaning, balki butun dunyoning pandemiyaga qarshi kurashidagi g’alabaga. “V” harfi aynan g’alabani anglatadi”, - deydi Rossiya to’g’ridan-to’g’ri sarmoyalar jamg’armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev.

Rus vaksinasiga eng boshidan ayrimlar ishonmagan edi, biroq mustaqil izlanish natijasidan ma’lum bo’lishicha, uning samaradorligi 90 foizdan yuqori. Ba’zilar uni Rossiyaning “yumshoq kuchi” deb atamoqda.

“Muhimi, “Pfayzer” va “Moderna”ni ortda qoldiryapmiz deb maqtanishmasa bo’ldi. Bunday gaplarning Rossiya imijiga foydasi yo’q. Odamlarga vaksina kerak, Rossiyaning Amerikani mag’lub etishi bilan ishlari yo’q”, - deydi Oliy iqtisodiyot maktabidan Konstantin Sonin.

Rossiyaning vaksina diplomatiyasini Lotin Amerikasida yaqqol ko’rsa bo’ladi. Kreml mintaqa mamlakatlariga millionlab vaksina va’da qilgan.
Amerikaning vaksina ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyalari mintaqaga eksport bo’yicha majburiyatlarini qiyinchilik bilan bajarayotgan bir paytda Rossiya o’z vaksinasini taklif qilish orqali geosiyosiy foyda ko’rmoqda, deydi ayrim tahlilchilar.

“Lotin Amerikasi Rossiya tashqi siyosati uchun muhimdir. Chunki mintaqa Rossiya uchun katta bozor bo’libgina qolmay, u yerda G’arbning kollektiv qarshiligiga qarshi siyosiy ittifoq tuzish ham mumkin”, - deydi Rossiya Fanlar akademiyasidan Dmitriy Rozental.

Rossiyaning boshqa davlatlarni vaksina bilan ta’minlash va’dalari ichki ehtiyojlar hisobiga bajariladimi, yoq’mi, hozircha ma’lum emas. Masalan, Moskvada COVID-19 ga qarshi vaksina har qadamda taklif etilmoqda. Biroq boshqa hududlarga yetkazish muammo bo’lyapti.

Sibir markazi Novosibirskda odamlar sovuq va murosasiz iqlim bilan birgalikda mustaqillik ruhi bilan faxrlanadi. Ammo mahalliy tibbiy xizmatchilarga ko’ra, ommaviy emlash kampaniyasi sust kechmoqda.

“Emlanmoqchi bo’lgan odamlar soni vaksinadan ko’p. Odamlar kutishga majbur”, - deydi tibbiy mutaxassis Tatyana Ivleva.

Aholi orasida vaksinaga ishonchsizlik yana bir muammo. Eng so’nggi ommaviy so’rovdan ma’lum bo’lishicha, rossiyaliklarning uchdan ikki qismi “Sputnik V” vaksinasini qabul qilishdan bosh tortmoqda. Ayrimlar nazarida, bu davlat matbuotining fitna haqidagi yillar davomida olib borgan targ’iboti natijasidir.

“Eng asosiy sabab shuki, hukumat har bir narsaga ishonchsizlik uyg’otgan”, - deydi tahlilchi Ilya Yablokov.

O’tmishdagi yolg’onlar haqiqiy ilmiy yutuq hisoblangan “Sputnik V” vaksinasiga ham shubha uyg’otdi endi, deydi u.