“Islomiy davlat” jangari to’dasi Shri-Lankadagi xurujlar ortida turganini ma’lum qildi, ammo ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Daish bu xurujlarni rejalamagan va amalga oshirmagan, biroq Shri-Lanka hukumati tomonidan ayblanayotgan guruhlarni ruhlantirgan bo’lishi mumkin.
Rasmiylar 321 odamning o’limiga sabab bo’lgan sakkizta portlashda “Jamaat at-Tavhid al-Vataniya” va “Jamiyatul Millatu Ibrohim” guruhlarini ayblamoqda.
Shri-Lanka Mudofaa va ommaviy axborot vositalari vaziri Ruvan Vijevardenening aytishicha, pasxa bayramida to’rtta mehmonxona va uchta cherkovda sodir etilgan xurujlar Yangi Zelandiyada ikki masjiddagi ommaviy otishmaga javob bo’lgan.
21-aprel fojiasidan bir kun o’tib qurbonlar dafn etildi. Politsiya portlashlarga aloqadorlik gumoni bilan 40 kishi hibsga olinganini ma’lum qilmoqda.
Prezident Maitxripala Sirisena voqealarni tergov qilishda xorijiy davlatlardan yordam so’rashi kutilmoqda.
CNN telekompaniyasiga ko’ra, AQSh va Hindiston razvedkalari Shri-Lankani ehtimoliy hujumlar haqida bir necha bor ogohlantirgan, ammo hech bir chora ko’rilmadi. So’nggi ogohlantirish birinchi xurujdan 10 daqiqa oldin bo’lgani aytilmoqda.
15-mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida qurollangan oq tanli odam ikki masjidga bostirib kirib, 50 musulmonni otib o’ldirgan.