Din

Markaziy Osiyoda din va davlat: munosabatlar evolyutsiyasi, muammolar va imkoniyatlar

Qirg'izistonda Lenin haykali oldida musulmonlar namoz o'qimoqda

Markaziy Osiyoda din va davlat munosabatlari uzoq yillardan beri ko'plab tadqiqotchilarning diqqat markazida bo'lib keladi. O'tgan chorak asr davomida qanday o'zgarishlar yuz berdi? Markaziy osiyolik bir guruh ekspertlar tayyorlagan hisobotga ko'ra, so'nggi yillarda mintaqa davlatlari dinga ixtilofdan ko'ra ko'proq imkoniyat manbai sifatida qarayotgani ko'zga tashlanmoqda.

"Almati klubi" nomini olgan markaziy osiyolik tadqiqotchilar guruhi yaqinda "Markaziy Osiyo: "Ipak demokratiyasi" maydoni, islom va davlat" sarlavhasi ostida yangi hisobot chop etdi. Unda 1991-yildan 2016-yilgacha bo'lgan davrda din va davlat munosabatlari evolyutsiyasi, mavjud muammolar, mintaqa hukumatlarining din siyosatida yuz bergan o'zgarishlar tahlil qilingan. Xususan, Qozog'iston, O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston davlatlaridagi vaziyat qiyoslanib, o'zaro o'xshash va farqli jihatlar ochib berilgan.

Hisobot mualliflaridan biri, Qozog'iston Strategik tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Sanat Kushkumbayevning Jorj Vashington universitetida o'tgan hisobot taqdimotida aytishicha, o'tgan chorak asr davomida mintaqaning barcha davlatlari diniy hayotni turli darajada nazorat ostida ushlab keldi. Ammo bu borada ko'rilgan huquqiy va amaliy choralar har bir mamlakatda o'ziga xos tarzda kechdi.

O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi raisi Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (o'ngda) Sovet Ittifoqining so'nggi rahbari Mixail Gorbachyov bilan, 1990-yil.

Masalan, O'zbekiston 90-yillar boshidan diniy nazoratni kuchaytirish yo'lidan borgan bo'sa, Qozog'istonda bu holat so'nggi yillarga kelibgina ko'zga tashlana boshladi. Qirg'iziston esa diniy erkinlik ancha keng ta'minlangan mamlakat sifatida qayd etiladi.

"Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy o'tmishga ega bo'lganidek, mustaqillikdan keyin ham ularning diniy siyosatida o'xshash jihatlar ko'p bo'ldi", - deydi Sanat Kushkumbayev.

Tojikiston 2015-yilgacha mintaqaning diniy partiya faoliyati ruxsat berilgan yagona davlati bo'lib keldi. Ammo u yerda ham regionning yagona islomiy partiyasi faoliyatiga barham berilib, davlatning diniy hayot ustidan to'liq nazorati o'rnatildi.

Kushkumbayevning qayd etishicha, diniy ta'lim dargohlari, masjidlar va imomlar soni bo'yicha tafovut bu o'lkalarda amalga oshirilgan diniy siyosatdagi o'ziga xosliklarni ko'rsatib beruvchi omillardan biridir.

Masalan, 2016-yilgi raqamlarga ko'ra, mintaqaning eng ko'p aholiga ega mamlakati O'zbekistonda (32 million) masjidlar soni eng kam miqdorni (2065) tashkil etgan. Eng kam aholiga ega ikki davlat - Tojikiston (8,7 million) va Qirg'iziston (6 milion) esa eng ko'p masjidlarga ega: Tojikistonda 3930 ta, Qirg'izistonda 2516 ta.

O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi

Qozog'istonlik ekspertga ko'ra, imomlar soni bo'yicha ham, aholi jon boshiga hisoblaganda, eng kami O'zbekistonga to'g'ri keladi. Bu yerda har 7824 kishiga bir imom to'g'ri keladi. Tojikistonda har 2210 kishidan bittasi imom hisoblanadi.

Bu, deydi tadqiqotchi, O'zbekistonda diniy faoliyatning qattiq nazorat ostiga olingani va aholi dindorlik darajasini past ushlab turish uchun diniy o'quv dargohlarning ko'payishiga yo'l qo'yilmaganini ko'rsatadi.

Diniy ta'lim dargohlari soni bo'yicha Qirg'iziston peshqadam, deydi Kushkumbayev. Mintaqaning eng kichik davlatida 112 ta diniy maktab va madrasalar faoliyat ko'rsatmoqda. Tojikistonda bitta islom instituti bo'lsa, mintaqa aholisining yarmini o'zida jamlagan O'zbekistonda bor-yo'g'i 11 ta diniy bilim yurti bor. Qozog'istonda ularning soni 13 ta.

"Terror hujumlari, jangarilarning paydo bo'lishi kabi voqealar, masalan, Qirg'izistonda 1999-yilda yuz bergan Batken voqealari, O'zbekistonda 91-95-yillarda, so'ng 99-yildagi terakt; Qozog'istonda esa ancha kech, 2011-2012-yillar va 2016-yildagi xurujlar hukumatlarning islomga nisbatan siyosatida o'zgarishlarning yuz berishiga sabab bo'ldi", - deydi Kushkumbayev.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev (markazda) Saudiya Arabistonining Madina shahrida payg'ambar masjidini ziyorat qilmoqda, 2016-yil, 25-oktabr.

Ammo so'nggi yillarda, deydi ekspert, hukumatlar dinni aholi hayotidan butkul ajratib bo'lmasligini tushunib yetmoqda. Bu borada eng qattiq siyosat yuritgan O'zbekistonda ham aholining dinga, diniy ulamolarga ehtiromi baland ekani shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o'limidan so'ng yaqqol namoyon bo'ldi. Olimning janozasida qatnashish uchun butun O'zbekistondan Toshkentda 200 mingdan ortiq odamning to'plangani hukumatni hushyor torttirdi.

"Hozirgi paytga kelib O'zbekistonda hukumat din siyosatini o'zgartirish payti kelganini tan olayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Bu o'zgarishlar uzoq muddatli xarakter kasb etishi mumkin. Prezident Mirziyoyev diniy ulamolarga hurmat bilan munosabatda bo'layotganini ko'ryapmiz", - deydi qozog'istonlik tadqiqotchi.

Sanat Kushkunbayevning aytishicha, O'zbekiston hukumatining dindorlarni qattiq nazorat ostida saqlash siyosati aks natija berib, turli xorijiy o'lkalardagi ekstremistik guruhlar va terror xurujlariga o'zbeklarning aralashib qolishiga o'z hissasini qo'shdi. Lekin yangi hukumat dinning ahamiyatini to'g'ri tushunib, bu borada biroz erkinlik berish yo'lidan bormoqda, deydi u.

Qirg'izistonning Batken viloyatida mahalliy saylov uchun yaratilgan siyosiy bannerlardan biri

Aholi orasida dindorlik darajasi ortib borgan sari hukumatlar va yetakchilar bundan imkoniyat sifatida foydalanishga urinmoqda. Masalan, Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmaniston davlat rahbarlarining so'nggi yillarda amalga oshirgan haj safarlari ommaviy axborot vositalarida keng tashviq qilindi.

Qirg'iziston rahbarlarining masjidlarda namoz o'qiyotgani aks etgan suratlarini tez-tez ko'rish mumkin. Saylovlarda ham diniy arboblar va ular orqali namozxonlar qo'llab-quvvatlovini olish urf bo'lmoqda.