Sovuq urush tugaganidan beri AQSh-Rossiya munosabatlari bir necha bor o'zgargan. Yeltsin davrida hamkor mamlakatlar Bush va Putin davrida yana g'animlarga aylandi. So'ng Barak Obama hokimiyatga kelib, aloqalarni yangilashga va'da berdi. Bugun Qo'shma Shtatlar va Rossiya ko'p masalalarda faol hamkorlik qilayotgan bo'lsa-da, ba'zi kuzatuvchilar fikricha, AQSh uning atrofidagi davlatlarni, Yevrosiyoga kiruvchi sobiq Sovet respublikalarini hisobdan chiqarmaslikka chaqirmoqda.
Vashingtondagi ba'zi tahlilchilar nazarida AQSh Yevrosiyo davlatlari bilan munosabatlarni hamisha Rossiya bilan aloqalari doirasida, Kreml ra'yiga qarab shakllantirgan. Natijada, Gruziya va Ukrainani hisobga olmaganda, hech bir davlat bilan to'laqonli hamkorlikka erishilmagan. AQShni Ozarbayjon va Qozog'istonda asosan tabiiy resurslar, Qirg'iziston va O'zbekistonda harbiy bazalar qiziqtirgan, yana ba'zilari bilan Rossiyaga qarshi siyosati uchun do'stlashilgan. Bu xato siyosat, deydi Atlantik Kengash tashkiloti tahlilchisi, Aleksandros Petersen.
"Ba'zilarning ta'kidlashicha, AQShning Yevrosiyodagi pozitsiyasi unda joylashgan mamlakatlar mustaqilligini muhofaza qilish va iqtisodiy farovonligini ta'minlashdan iborat bo'lgan, ammo bu strategiya emas. AQShning jahondagi ko'p davlatlarga nisbatan siyosati shunday bo'lishi kerak".
Haqiqiy strategiya, deydi Aleksandros Petersen, qator omillarni o'z ichiga olishi lozim. Tahlilchi AQSh hukumatiga uch tamoyilga asoslangan strategiya taklif etadi.
"Birinchidan, Qo'shma Shtatlar mintaqadagi har bir davlatga nisbatan alohida siyosat ishlab chiqishi kerak. Mamlakatning geografik joylashuvi, tabiiy resurslar bazasi, savdo imkoniyatlari, iqtisodiy potensiali, diplomatik ta'siri va undagi beqarorlik darajasining AQShga bog'liqligidan kelib chiqish zarur".
Ikkinchidan, deydi mutaxassis, Yevrosiyo davlatlari bilan munosabatlarda muloqot doirasini kengaytirish kerak.
"Xavfsizlik va yonilg'i masalalaridan tashqari madaniy, diplomatik, iqtisodiy sohalarda faol bo'lish lozim. Talabalar, davlat xizmatchilari, jurnalistlar, tadbirkorlar uchun almashinuv dasturlarini ishga solish kerak. Va nihoyat, AQSh o'z siyosatida Rossiyaning "ta'sir doirasi" degan tushunchasini inkor etishi lozim. Raqobat o'rniga, siyosatni tiniqlashtirish zarur. To'qnashuvdan voz kechib, muloqotni kuchaytirish orqali Qo'shma Shtatlar Yevrosiyoda ta'sirini oshirishi mumkin", deydi Aleksandros Petersen.
Siyosatshunoslar fikricha, AQSh Qirg'iziston bilan muloqotni susaytirib, munosabatlarini harbiy bazaga asoslab xato qilgan. Natijada Bishkekdagi hukumat korrupsiyalashib, iyun oyidagi xunrezlik uchun muhit yaratildi.
Davlatlar bilan muloqotni, deydi mutaxassislar, mintaqaviy tashkilotlar vositachiligi va ishtirokida ham yo'lga qo'yish lozim. Masalan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda.
Biroq AQShning Gruziya va Qozog'istondagi sobiq elchisi Uilyam Kortnining aytishicha, bu tashkilotning so'nggi paytda roli ancha sustlashgan.
"Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti o'tmishda ko'p ishlarni qoyillatgan, biroq hozirda panada. Bunga Rossiyaning aralashuvlari, Yevropa davlatlari va AQSh tomonidan guruhga e'tiborning susaygani sabab. Iyun oyida Qirg'izistondagi mojaro va tashkilot raisi - Qozog'istonning bu mojaroga munosabati, Markaziy Osiyo muammolari va xavfsizlikni kuchaytirishga ehtiyojni yaqqol namoyish etdi".
Vashingtondagi Brukingz tahlil instituti ilmiy xodimi Fiona Xillning aytishicha, AQSh Yevrosiyoda siyosati doirasini kengaytirishi lozim.
"1990-yillarda mintaqa davlatlari mustaqillika erishganidan so'ng asosiy e'tibor saylov mexanizmi va jarayonlariga qaratilgan edi. Biroq so'nggi 10 yilda demokratik taraqqiyotning boshqa yo'nalishlarida ishlash uchun talaygina ehtiyoj borligi ayon bo'ldi. To'g'ri davlat boshqaruvi, siyosiy va iqtisodiy tiniqlik shular jumlasidan", - deydi tahlilchi.
Qo'shma Shtatlar Yevrosiyoda siyosatini yangilamas va unga tuzatishlar kiritmas ekan, mintaqa davlatlari bilan muloqot susayib, Rossiya bilan raqobat kuchayadi, bu esa, deydi kuzatuvchilar, AQSh diqqatini boshqa masala va muammolardan chalg'itadi.
Buning uchun uch tamoyilga asoslangan strategiya taklif etiladi. Uning asosida faol muloqot.