Kaliforniyada bir guruh o’quvchilar virtual fond birjasi yaratib, qimmatbaho qog’ozlar bilan savdo qilmoqda. Loyiha o’smirlarga moliya bozorini tushunishga, biznes yuritishni o’rganishga yordam beradi.
Ular hamkasblari bilan maslahatlashadi, mijozlar bilan uchrashadi. “Invest” deb nomlangan virtual kompaniya Kaliforniya maktabida joylashgan fond birjasidir.
“Kitob, konspekt va leksiyalardan o’rganish muhim, lekin bu darsda siz bilimingizni amalda qo’llaysiz”, - deydi o’qituvchi Jermi Vuten.
Virtual kompaniya vakillari prezentatsiya qilishni mashq qilishadi. Fond birjasi sinfxonada va onlayn joylashgan. Virtual valyutadan foydalanadi va blokcheyn deb nomlangan texnologiyaga asoslanadi. Bir-biriga ulangan kompyuterlar kriptovalyuta vositasida qilingan operatsiyalarni qayd etib boradi.
“Haqiqiy bozorda bo’lgani kabi nafaqat qimmatli qog’ozlar bilan savdo qilishni o’rganyapmiz, balki blokcheyn texnologiyasi bilan ham tanishyapmiz”, - deydi virtual kompaniya ijrochi direktori Jaden Brayan.
O’quvchilar Nyu-Yorkda o’tadigan savdo ko’rgazmasiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Qo’shma Shtatlarning turli burchaklaridan o’smirlar bu anjumanda o’z biznes loyihalarini taqdim etadi.
“Yil mobaynida ular biznes rejalarini ishlab chiqish, o’z vebsaytlarini yaratish bilan shug’ullanadilar. O’quvchilar kompaniyalarni o’z loyihalariga qiziqtirishga harakat qiladilar”, - deydi tashkilotchilardan biri Nik Chapman.
Bu loyihaning boshqa virtual bizneslardan farqi shuki, o’quvchilar Vol-Stritda bo’lgani kabi aksiya sotib, virtual mablag’ jamg’ara oladi.
“Sug’urta planlari, reklamaga ham e’tibor beramiz. Oylik byudjet tuzamiz, toki pulimiz samarali tarzda sarmoya qilinsin”, - deydi o’quvchilardan biri.
Albatta, biznes yuritishning o’z muammolari bor.
“26 ishchimiz bor. Endi ish boshlagan kompaniya uchun bu ko’p”, - deydi Koul Lovi.
Lavozim ortida javobgarlik ham bor, deydi virtual kompaniya rahbari.
“Bosh direktor bo’lsangiz, hamma sizdan buyuk narsalar kutadi. Hali yoshman, biznes olamida tajribam yo’q. Har kuni darsga tayyor reja bilan kelish, boshqalarga ko’rsatmalar berish qiyin bo’lapti”, - deydi Emili Veyl.
Ammo muammolar ustida bosh qotirish orqali, deydi o’quvchilar, biznes yuritishni o’rganyapmiz.