AQSh ikkinchi "Demokratiya sammiti"ni o'tkazyapti

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat departamenti shu hafta ikkinchi bor “Demokratiya sammiti”ni o’tkazmoqda. Unda 120 mamlakatdan fuqarolik jamiyati vakillari va texnologik kompaniyalardan mutaxassislar qatnashyapti. Anjumanning aksariyat qismi virtual shaklda o’tmoqda. Tabiiyki, Ukrainadagi urush anjuman kun tartibidagi asosiy mavzu.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 29-mart, 2023-yil

Sammit ishtirokchilariga virtual murojaat qilgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, Ukraina xalqi tinchlik tarafdori, ammo yerlari hisobiga emas.

"Rossiya bosqinini to’liq bas qilsagina, qo’shinlarini Ukrainadan butunlay olib chiqsagina, davlatimizning hududiy daxlsizligi xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar doirasida tiklansagina Ukraina xalqi tinchlikni tanlaydi”, - dedi Kuleba.

Sammit mezboni, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya bosqinini demokratiyaga tahdid deb atadi. U Ukrainaning tinchlik tashabbusini qo’llab-quvvatlab, Xitoy taklif etgan tinchlik rejasini rad etdi.

“Sulh kabi ko’rinishdan yaxshi niyatli harakatlar mojaroning muzlatilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa Rossiyaga qo’lga kiritilgan yutuqlarini mustahkamlab, kuch to’plab, yangidan hujumga o’tishga imkon beradi”, - dedi Blinken.

Vashingtonlik tahlilchi Maykl Kimmajning aytishicha, “Demokratiya sammiti” AQShning Isroil kabi yaqin ittifoqchisi bilan aloqalari taranglashayotgan paytga to’g’ri kelmoqda.

“Isroilda uning demokratiya sifatidagi mohiyatiga ta’sir qilayotgan dramatik voqealar ro’y bermoqda. Yevropadagi ayrim mamlakatlarda ham demokratiya bobida chekinish kuzatilmoqda. Lekin Prezident Bayden uchun eng katta muammo shuki, Janubiy Afrika, Braziliya, Hindiston kabi demokratik davlatlar Ukraina urushi masalasida AQSh tarafida emas”, - deydi Kimmaj.