Katta umidlar bilan e’lon qilingan futbol bo’yicha Yevropa Super Ligasini tashkillashtirish rejasi bir haftaga yetmasdan chilparchin bo’ldi. Musobaqada qatnashish istagini bildirgan 12 nomdor klubdan 10 tasi UEFA doirasidagi musobaqalar va milliy chempionatlardan chetlashtirilish ultimatumidan so’ng loyihadan chiqishga qaror qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Super Liga” tashkilotchilaridan biri, “Yuventus” jamoasi prezidenti Andrea Anyelli bu haqda shunday dedi:
"Loyihaning jozibador ekaniga haliyam ishonaman. U dunyoda eng zo’r musobaqani tashkil etishga yordam bergan bo’lardi. Ammo hozir loyiha so’ndi”, - dedi u.
Birinchi bo’lib loyihadan Angliya Premyer-ligasining oltita klubi chiqdi. “Manchester Siti” va “Chelsi” loyiha parchalanishini boshlab berdi.
So’ng Italiya jamoalari va Ispaniyaning Attletiko klubi chekindi. "Real Madrid" va "Barselona" hozircha loyihadan chiqqani haqida e’lon qilmagan yagona ikki klubdir.
Super Liga g’oyasi futbol olamini junbushga keltirdi. Tanqidchilar unga qo’shilgan klublarni ishqibozlar manfaatlarini poymol qilib, pul orqasidan ketganlikda, ular bilan maslahatlashmaganlikda aybladi.
“Liverpul” egasi Jon Xenri muxlislardan uzr so’radi:
"Liverpul” klubining barcha muxlislaridan so’nggi 48 soat ichida yuzaga kelgan tartibsizlik uchun uzr so’ramoqchiman. Loyihani siz bilan bemaslahat boshlamaslik kerak edi”, - dedi u.
Boshqa klublar ham o’xshash bayonotlar chiqardi.
Futbol ishqibozlari ayrim klublar rahbarlarini iste’foga chaqirmoqda, hukumatlardan esa jamoalarga egalik qilish va ularni yuritish tartibini isloh qilish talab etilmoqda.
Super Liga tashkilotchilari loyiha hisobiga koronavirusdan ko’rilgan zararni qoplab olishga va yaxshi pul ishlashga umid qilgan edi.