AQShda saylovoldi targ'ibotida tashqi kuchlar muhim rol o'ynaydi

  • Amerika Ovozi

Amerikada yaqingacha saylov kampaniyasi bilan bog’liq moliya qattiq nazorat qilinar edi. Lekin 2010-yilda Oliy Sud ko’plab cheklovlarni bekor qildi. Bu esa bugungi saylovoldi targ’ibotini yanada qizdirib, murakkablashtirib yuborgan.

Oq Uy uchun kurash nafaqat partiyalar va nomzodlar orasida, balki turli guruh va nodavlat tashkilotlar orasida ham kechadi. Saylov oldidan vujudga kelgan bu doiralar o’zlari ma’qul ko’rgan nomzod uchun pul tikadi. Targ’ibot ishlari olib boradi. Jamoatchilikka ularning nomidan va’dalar bera boshlaydi.

2010-yilda Oliy Sud ko’rib chiqqan ikki masala bunday kampaniyalar uchun eshikni keng ochib bergan. Ikki siyosiy guruh, “Citizens United” va “Speech Now”, Federal saylov komissiyasi ustidan arz qilib, so’z va fikr erkinligi ta’minlanishini talab qiladi. Maqsad - targ’ibot yanada erkinlashtirilsin va guruhlar nomzodga istagancha pul bersin.

Oliy Sud ularning talabini qondirdi.

Federal Saylov komissiyasi raisi Sintiya Bauerli nazarida:

“Korporatsiyalarga saylov uchun xohlagancha pul berish imkoniyati yaratildi. Ular nomzod nomidan fuqarolar bilan aloqa qilishi, o’z reklamalari bilan chiqishi mumkin endi”.

Moliyaning har bir tiyini hamon nazorat ostida. Qonun shuni talab qiladi, lekin jarayonni idora etish hozir oson emas. Kompaniyalar, mayda va yirik, siyosiy jarayonlarga ta’sir etish uchun millionlab dollarni ishga solmoqda. Siyosiy harakat qo’mitalari degan guruhlar tuziladi. Qisqacha “PAC” yoki “Super PAC”. Bu safar saylov natijasini ular hal etsa, ajabmas.

Tahlilchi Deyvid Levintal:

“Korporatsiyalar, uyushma va boshqa tuzilmalar saylov uchun nafaqat pul beradi, balki to’playdi ham. Ya’ni nomzodlar qatori boy va faol fuqarolarga murojaat qilib, muayyan partiya va uning odami uchun moliya berishni so’raydi. Cheksiz miqdorda…”

O’tgan ikki oy ichida, masalan, prezidentlikka respublikachi nomzod Mitt Romni 86 million dollar jamg’argan. Uning nomidan boshqa guruhlar olib borgan kampaniya esa “Kelajakni qo’lga oling” shiori ostida 52 millionga yaqin dollar to’plagan.

Oq Uyga qayta saylanish niyatidagi Barak Obama tarafdorlaridan, o’zi va maxsus guruhlar orqali, ikki oyda 200 million dollar yig’di.

Federal qonunga ko’ra, “PAC” lar nomzodlarning kampaniyasiga ortiqcha aralashmasligi kerak, ayniqsa, boshqaruvdan uzoq yurishi shart. Lekin siyosiy tahlilchi Piter Fenn deydiki, bu mumkin emas.

“Bu mustaqil guruhlar aslida mustaqil emas. Ular nomzod yoki uning partiyasidan tashqarida faoliyat yuritsa-da, asl maqsad ularga yordamlashish. Bu degani ularning tili bir. Ular saylov kampaniyasining ajralmas qismi”,- deydi Fenn.

Oliy Sudga la’natlar aytayotgan amerikaliklar juda ko’p, jarayonni murakkablashtirgani uchun. Lekin partiyalar va bu maxsus guruhlarning ishini olqishlayotganlar ham serob. Odamlar istagan odami uchun pul berayaptimi, beraversin.

Bu siyosiy erkinlik, deydi tahlilchi Deyvid Druker, qonun buzilmasin, bas.

“Fuqaro ahmoq emas. Saylovchi siyosiy reklama va targ’ibotga qarab xulosa qilaveradi. Bu harakatlarning ortida kim turgani va qancha xarajat qilayotganidan qat’iy nazar saylovchi o’zi istagan odamiga ovoz beradi”.

Amerikada saylovlar yuzlab million dollar degani. Barak Obama o’tgan safar salkam 1 milliard dollar jamg’argan. Bu yili undan ham oshishi kutilmoqda. Fuqaro 2500 dollardan ortiq bera olmaydi, ammo mustaqil guruhlarga cheklov yo’q.