AQSh Oliy sudi siyosiy boshpana da’vogarlarining apellyatsiya huquqlarini chekladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Oliy sudining 25-iyunda qabul qilgan qaroriga ko’ra, immigratsiya xizmati tomonidan siyosiy boshpana olish haqidagi arizasi rad etilgan muhojirlar federal sudga shikoyat qilish huquqidan mahrum etiladi. Bunday immigrantlar mamlakatdan haydaladi.

Shri-lankalik bir muhojir o’z mamlakatida o’g’irlanib, tergov qilinib kaltaklanganini, so’ng Shri-Lankadan qochib chiqishga muvaffaq bo’lganini da’vo qilib siyosiy boshpanaga ariza bergan. Biroq immigratsiya xizmati uning arizasini ham, sudga shikoyat qilish iltimosini ham qondirmadi. Bu muhojir yollagan advokatlar ishni Oliy sudga oshirdi.

“Konstitutsiya federal sudga da’vo arizasi berishni talab qiladi. Tuman sudi e’tiroz bildirmadi, ammo Oliy sud bunga qarshilik qildi”, - deydi “Amerika muhojirlik kengashi”dan advokat Emma Vinger.

Oliy sud qarorida aytilishicha, siyosiy boshpana olishga ariza bergan odam qonunga ko’ra immigratsiya xizmati xodimi yoki immigratsion sudya bilan suhbatdan o’tishga haqqi bor va ushbu suhbat asosida yakuniy qaror chiqariladi.

Shri-lankalik arizachining aytishicha, suhbat 13 daqiqa davom etgan, so’ng immigratsiya masalalarini ko’ruvchi sudya rad javobini berib, uning deportatsiya kunini belgilagan.

“Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi” tashkiloti bu ishga aralashib, tezkor deportatsiya arizachining Konstitutsiyada kafolatlangan odil sudda tinglov uchun huquqini cheklashini da’vo qildi.

“Ma’muriy sudya arizaga bir qaradiyu, qaror qabul qildi. Ba’zan jarayon 10 daqiqaga ham yetmaydi, masala sudga olib chiqilmadi. Nazarimda, siyosiy boshpanaga da’vogarlarni yurtiga qaytarib, ta’qiblar va hatto o’limga yuzlashtirish amaliyotining davomi bu”, - deydi tashkilot advokati Li Gelernt.

Oliy sud sudyasi Samuel Alitoning aytishicha, chegaraga yaqin joyda ushlangan hujjatsiz muhojirlarning sudga murojaat etishga haqqi yo’q. Alito Kongress qabul qilgan qonunga ko’ra bunday muhojirlar ishi dastlabki ko’rib chiqish bilan kifoyalanishini ham aytib o’tdi.

“Arizachilar yuzlashayotgan tahdidlar soxta degan tasavvur bor. Sudya Alitoning aytishicha, 2019-yilda siyosiy boshpana olgan oz sonli odamlarda qo’rquvga haqiqiy asos bo’lgan. Shu sabab sud soxta va asossiz qo’rquvlar ko’p deya o’zicha xulosa qilmoqda”, - deydi advokat Vinger.

Oliy sudning ikki sudyasi yakuniy qarorga e’tiroz bildirdi. Ularning aytishicha, konstitutsion huquqlar AQShdagi siyosiy muhitning o’zgarishiga bog’lanmasligi kerak. Sudning bu qarori siyosiy boshpana so’rab AQShga kelayotgan minglab odamlar taqdiriga ta’sir qiladi, deydi mutaxassislar.

“Immigratsiya tizimidagi bunday tezkor jarayonni nazorat qiluvchi sud mexanizmi yo’q. Hamma narsa immigratsiya xizmati xodimlari qo’lida. Ishlarning tez ko’rilishi suiiste’mol qilish hollari va xatolarga yetaklaydi”, - deydi Vinger.

AQSh hukumatining Oliy suddagi vakili o’rinbosari Edvin Nidlerning aytishicha, agar Oliy sud bu masalada o’zgacha qaror qabul qilganida edi, minglab yangi ishlar ochilib, adliya tizimi faoliyati turib qolgan bo’lardi va hujjatsiz muhojirlarda immigratsiya xizmati qarorlari ustidan federal sudga shikoyat qilish huquqi paydo bo’lardi.