Suriya hukumati tinch aholini evakuatsiya qilishga rozi

  • Amerika Ovozi

Xula aholisi zo'ravonliklardan jon saqlash maqsadida shaharni tark etmoqda, 18-iyun, 2012-yil.

Suriya hukumati BMTning Hims kabi mojaroli zonalardan aholini evakuatsiya qilish iltimosini qondirishga tayyor.

Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, bu ish BMT kuzatuvchilari va mahalliy mutasaddilar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Muxolifat bergan ma’lumotga ko’ra, mingga yaqin oila Hims shahridan chiqa olmay qiynalmoqda.

Rasmiy Damashq nazarida xalqaro kuzatuvchilar qurollangan terrorchilar qarshiligi tufayli bu ishning uddasidan chiqa olmayapti. Suriya hukumati prezident Bashar al-Assadga qarshi bosh ko’targan isyonchilarni terrorchilar deb ataydi. Vazirlik bayonotiga ko’ra, ular Hims aholisidan jonli qalqon sifatida foydalanmoqda.

BMT kuzatuvchilari missiyasi rahbari, norvegiyalik general Robert Mud bugun Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi vaziyat bo’yicha hisobot beradi.

Mamlakatda zo’ravonliklar kuchayganidan beri 300 kishilik missiya ishini vaqtincha to’xtatgan. Kengash bundan keyin nima qilish mumkinligi haqida general Mud takliflarini tinglamoqchi.

Missiyaning 90 kunlik mandati 20-iyulda tugaydi, biroq ayrim diplomatlar nazarida kuzatuvchilar mamlakatni ertaroq tark etishi mumkin.