Insonparvarlik tashkilotlari: Suriyaga yordam emas, tinchlik kerak

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Gumanitar yordam tashkilotlari xalqaro hamjamiyatni Suriyadagi mojaroga doimiy yechim topishga chaqirmoqda. Ularga ko'ra, insonparvarlik yordami Suriya xalqi uchun zarur, ammo muammoni hal qila olmaydi. Urush oltinchi yilga kirar ekan, kuzatuvchilar uning Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilayotgan eng katta inqiroz ekanini qayd etmoqda.

Suriyaning Hims shahri bugun bo'm-bo'sh, arvohlar shahriga o'xshaydi. Yashash uchun suv ham, elektr ham yo'q. Shunga qaramay, sulh tuzilishi bilan shaharning ayrim fuqarolari o'z uylariga qayta boshladi.

BMTning Oziq-ovqat dasturi samolyotlari "Islomiy davlat" guruhi nazoratidagi hududlarga havodan yordam tashladi. Ularni Rossiya harbiy samolyotlari qo'riqlab bordi.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland sulhdan istisno guruhlarni eslatib o'tdi.

"Islomiy davlat" va "Nusra fronti" guruhlariga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirish mumkin. Lekin bundan boshqa har qanday zo'ravonlik sulh shartlarini buzish hisoblanadi", - dedi u.

Gumanitar yordam tashkilotlari esa sulh ijrosi qattiq nazorat qilinishi kerak, degan fikrda.

"Dushanbadan beri Halab atrofida otishmalar bo'ldi. Asosiy yo'l to'sib qo'yildi. Turkiya chegarasidan 15 kilometr uzoqlikda ham to'qnashuvlar yuz berdi", - deydi Amerikaning "Muruvvat korpusi" tashkiloti rahbari Nil Kenni-Gayer.

Aholi ortiq aziyat chekmasligi kerak, deydi u.

"Kambodja urushidan beri yuz bergan har bir yirik mojaroga guvoh bo'lganman. Ammo Suriya inqirozining ko'lami, oddiy fuqarolar, bolalar va onalar chekayotgan azob-uqubatlar bag'rimni tilka-pora qilyapti", - dedi u.

Doktor Zohir Sahlul yaqinda Suriyadan xizmat safaridan qaytdi. U shifokorlar xavfsizligidan xavotirda.

"O'tgan yili tibbiy markazlarimizning 75 foizi bomba hujumlariga uchradi, ko'plab xodimlarimiz nobud bo'ldi. Ulardan biri doktor Mahir Keddi. O'tgan hafta Idlibdagi uyiga raketa tushib halok bo'ldi. Rafiqasi va to'rt oylik farzandi ham o'ldi", - deydi u.

"Oxfam America" tashkiloti rahbari Reymond Ofenxayzer qo'shni o'lkalarga ham e'tibor berish kerak, degan fikrda.

"Livanda, masalan, bir million qochoq bor. Bu mamlakat aholisining 30 foiziga teng. Turkiya esa ikki million qochoqqa joy berdi. Iordaniyada 630 ming qochqinning 83 foizdan ko'pi lagerlardan tashqarida yashaydi", - deydi u.

Ko'pchilik nazarida Suriya mojarosi Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilayotgan eng katta gumanitar inqirozdir.