Rossiya jangovar samolyotlari Suriyaning Halab shahri tevaragini bombardimon qilmoqda. Havo hujumlari ortidan Suriya piyoda askarlari va eronlik jangchilar hujumga o'tmoqda. Bunday harbiy amaliyotni Halabda oxirgi ikki yilda ilk bor ko'rishimiz, deydi Abdul Rahmon, Amerikadan yordam olayotgan isyonchi kuchlar qo'mondoni.
Abdul Rahmonning aytishicha, ruslar har yoqni yoqib, yer bilan yakson qilayapti. Kuyib-kulga aylantirish siyosati 1994-yilda Checheniston poytaxti Grozniyda qo'llangan edi, deya uqtiradi u. Kuniga 50-60 marotaba bombardimon qilishmoqda, isyonchilarning manzillari havodan nishonga olinayapti, deydi u.
"Rossiya Prezident Bashar Assadga qarshi jang qilayotgan kuchlarga hujum qilishi aniq edi. Bunaqa yordam kerak emas, ketishsin", - deydi isyonchilar vakili, mayor Issam al-Rays.
Assadga qarshi kurashayotgan bu odamlarning ta'kidlashicha, isyonchilar mustahkam kuch, tarqalib ketish xavfi yo'q. Siyosiy yechim topish mumkinmi bugungi mojaroga, degan savolga ularning javobi bir:
"Assad, uning yordamchilari, xavfsizlik xizmati, razvedka xizmati - hammasi ketishi kerak", - deydi 35 yoshli Zakariya Malahefji. Sobiq muallim bugun isyonchilar safida jang qilayapti.
Rossiya va Assad tomonidan mana uch haftadirki bombardimon qilinayotgan bu jangchilar ko'p hududni qo'ldan boy bergani yo'q. Halab janubida besh qishloq qo'ldan ketdi, xolos, deydi ular.
Rossiyaning harbiy aralashuvidan bir necha oy oldin qo'mondonlar yangi jangchi yollash qiyinlashganidan shikoyat qilayotgan edi. Bugun vaziyat o'zgargan. Yangi-yangi odamlar kurashga qo'shilayapti. Ba'zilari 15 yoshda, bu esa huquq tashkilotlarining tanqidiga uchramoqda.
Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan ekspert Charlz Listerning aytishicha, ruslar urushga tortilganidan beri tankka qarshi raketalardan foydalanish 850 foizga oshgan. Hamo va Idlib viloyatlaridagi isyonchilar bu qurolni Turkiya orqali arab va G'arb mamlakatlaridan olmoqda.