Amerikaliklar Suriyadagi vahshiyliklarga befarq emas, lekin…

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obama Suriyaga hujum uyushtirish uchun Kongressdan ruxsat so’ramoqda. Jamoatchilik esa Yaqin Sharqda yana bir urush boshlaymizmi deya norozi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikaliklar Suriyadagi vahshiyliklarga befarq emas, lekin…/Shohruh Hamro


Harbiy harakatlarga tayyorgarlik ketayotgani haqida ko’pchilik xabardor bo’lsa-da, odamlar turmush tashvishlari bilan band. Vashingtondan tashqarida Suriya masalasi atrofida qizg’in bahslar ketayotgani sezilmaydi.

Indiana qishloqlari ko’pchilik amerikaliklar uchun Suriyadek olis bir makon.

Hayot bu yerda o’z maromida davom etmoqda. Dehqonlar vaqt o’tishini kalendarga qarab emas, hosil qachon yig’ib olinishi bilan o’lchaydi. Qishloq xo’jaligiga asoslangan Grintaun shahrida 2,5 ming aholi yashaydi.

Havo kuchlarida xizmat qilgan Robert Milsponing mahallasida joylashgan har bir xonadon eshigida Amerika bayrog’i qadalganini ko’rasiz. Harbiyar ko’p bu yerda, deydi u.

“Birinchi va ikkinchi jahon urushida, Vyetnamda, shuningdek, Iroq va Afg’onistonda xizmat qilib qaytganlar ko’pchilik”, - deydi Milspo.

Urushdan toliqish nima ekanini biladi ular.

“Vatan uchun urushga borib, g’alaba bilan qaytishga jon derdim. Lekin hozirgi kunda bu oson emas”, - deydi suhbatdosh.

Kongress a’zosi Syuzan Bruksning aytishicha, uning ona shahri Grintaun va butun mamlakat mojarolardan bezib ketgan. Hozir Kongress ta’tilda emasmi, Bruks saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning kayfiyatini o’rganib yuribdi.

Xorijda nimalar bo’layotgani ularga baribir.

“Hou uzoq bir Suriya bilan nima ishimiz bor? Bu yerda kundalik hayot bilan bandmiz”, - deydi Karen Svon.

Qonunchi ayolga ko’ra, odamlar sog’liqni saqlash sohasidagi islohotlar haqida eng ko’p so’rashadi.

Lekin, deya qo’shadi Karen Svon, chekka shaharlarda, qonunchilar bilan uchrashuvlarda Suriya tilga olinmayotgani amerikaliklar bu xalq boshdan kechirayotgan musibatlarga befarq degani emas.

“Bir tarafdan, Amerika dunyoning ishlariga aralashaverishi ham jonga tegdi. Suriyada bo’layotgan vahshiyliklarga befarq emasmiz, lekin AQSh dunyodagi jamiki muammolarni hal qilishga urinavermasin”, - deydi fuqaro.

Kongress a’zosi Syuzan Bruks so’zlariga ko’ra, aksar amerikaliklar Suriyaga hujumni yoqlamaydi. Ammo yakuniy qarorlar prezidentga havola. Kongress harbiy harakatlarga ijozat bersa, ham davlat rahbari, ham saylangan vakillar bunday operatsiya nima uchun zarur ekanini xalqqa yaxshiroq tushuntirishi kerak, deydi u.

Eslatib o’tamiz, Kongress a’zolari kelayotgan dushanba ishga qaytadi va Suriya masalasi ovozga qo’yilishi kutilmoqda.