Kofi Annan Damashqdan quruq qaytdi

  • Amerika Ovozi

Kofi Annan

BMT matbuot kotibi Sausan Goshexning aytishicha, Suriyada hukumat va muxolifat o'rtasida kuchaygan ixtilofni yumshatish uchun Damashqqa borgan maxsus vakil Kofi Annan tashrifi natija bermagan. Annan Suriya tashqi ishlar vaziri va prezidenti bilan uchrashib, zo'ravonliklarni to'xtatishga qaratilgan qadamlarni shaxdam tashlashga chaqirgan. Tinchlik rejasini ertaga emas, bugun amalga oshirish kerak, degan Annan vaziyatning ayanchli ekanini ta'kidlab.

Annan ishlab chiqqan tinchlik dasturiga ko'ra, Suriya hukumati shaharlardan og'ir qurollarni olib chiqishi kerak edi. Bitim o'tgan oy imzolangan, biroq tomonlar haligacha olishmoqda.
Rasmiy Damashq nazarida isyonchilar qo'liga chetdan qurol tushishda davom etar ekan, tinchlik haqida gap bo'lishi mumkin emas.

O'tgan juma Xula shahridagi qatliomda 100 dan ziyod odam o'lgan. Hukumat va muxolifat aybni bir-biriga to'nkamoqda. BMTning tinchlikparvar missiyasi bilan shug'ullanuvchi bo'limi rahbari Xerv Ladsusning aytishicha, bu ishni Suriya prezidenti Bashar al-Assadga xayrixoh to'dalar qilgan bo'lishi mumkin. Rasmiy Damashq ayblovlarni inkor etib keladi.

Kecha Dayr-al-Zur viloyatida 13 odamning jasadi topilgan. BMT kuzatuvchilarining aytishicha, ayrimlari peshonasidan otilgan.

Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak Assadni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, rejimga qarshi keskinroq chora ko'rishga da'vat etmoqda.