BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha vakili Kofi Annan bu davlat urush yoqasida turibdi, deya ogohlantirmoqda.
Liganing Qatarda o’tgan favqulodda majlisida Annan prezident Bashar al-Assadni sulh shartlarini zudlik bilan bajarishga chaqirdi.
“Suriyada minglab odam uy-joysiz, qochqinlar ko’paymoqda. Mojaro chegara osha qo’shni davlatlarga ham tarqalyapti”, - deydi u.
Arab Ligasining taklifi shuki, BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga tinchlikparvar qo’shin kiritishi kerak. Hozir u yerda 300 kuzatuvchi faoliyat yuritadi.
AQSh Davlat departamenti Suriyada ommaviy qabrlar va aholiga hujumlarni aks ettirgan tasvirlarni internetda chop etdi. Sun’iy yo’ldosh orqali olingan suratlarni humanrights.gov sahifasida ko’rish mumkin.
25-may kuni Suriyaning Xula qishlog’ida 108 jasad topilgan edi, qariyb yarmi bolalar. AQShning Suriyadagi elchisi Robert Ford deydiki, qatliom Bashar al-Assad rejimining jinoiy tabiatini fosh etdi.
BMT inson huquqlari kengashi voqeani mustaqil tergov qilish uchun ruxsat so’ramoqda. Insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilgan bo’lishi mumkin, deydi kengash rahbari Navi Pillay.
BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya hukumatiga qarshi tanqidiy rezolyutsiyalar va kuchli sanksiyalar qo’yish taklifini Rossiya va Xitoy muntazam to’sib keladi. Prezident Vladimir Putinning ta’kidlashicha, sulh ish berishi uchun vaqt kerak. Muhimi, mojaro fuqaro urushiga aylanib ketishini bartaraf etishdir, deydi Putin.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton nazarida esa Kreml masalaga xolisona yondashayotgani sezilmaydi. Rossiya ittifoqchisi Suriyaga qurol-yarog’ yetkazishda davom etayapti, deydi Klinton.