Iroq va Suriyada tarixiy obidalar va ko’rgazmalarning talon-taroj qilinishi, vayron etilishi dunyoni larzaga soldi. Arxeologlarning xavotir olishicha, muhim va nozik obyektlarni endi tiklab bo’lmaydi. Ayni damda bebaho madaniy merosni asrab qolish harakati avjida.
Ko’plab avlodlaru hukmdorlarni ko’rgan tarixiy yodgorliklarning bir kunda buldozer bilan tekislanishi butun dunyo qahr-g’azabini keltirdi.
Bir vaqtlar sivilizatsiya beshigi hisoblangan Mesopotamiyada bugun islomni buzib talqin qilayotgan to’dalarning quturishiga asrlar sinoviga dosh bergan noyob obidalar chidamadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bu yodgorliklar Iroqning shavkatli o’tmishidan dalolat edi. Nafaqat, Iroqning, butun dunyoning, chunki bular yolg’iz Iroq madaniy merosi emas”, - deydi Chikago universitetining sharqshunoslik fakultetida Mesopotamiya arxeologiyasi bo'yicha mutaxassis Makgvayr Gibson.
Uning aytishicha, yaqinda Mosuldagi muzey hamda qadimiy aysorlar poytaxti Nimrud shahrining qoldiqlari joylashgan joyning buzilishi nafrat uyg’otishga qaratilgan harakat edi.
“Badanimizga igna sanchilgandek bo’ldi, g’azabimizni keltirdi, bizni tushkunlikka soldi. Ular keskin munosabat bildirishimizni xohlashyapti”, - deydi ekspert.
Biroq Makgvayr nazarida jangarilar vayronagarchilik tushirilgan tasvirlar bilan ko’zni shamg’alat qilib, aslida noyobroq eksponatlarni mamlakatdan olib chiqmoqchi. Bu kabi holatga oldin ham guvoh bo’lganmiz, deydi u.
"Dunyoda tarixiy buyumlarning bahosini yaxshi biladigan odamlar bor. Iroq muzeyida 2003-yilda ataylab buzg’unchilik sodir etilgan. Mamlakat tashqarisidagi xaridorlar ichkaridagi sotuvchilardan foydalanib, muzeydan muayyan narsalarni olib chiqishni buyurgan”, - deydi olim.
Gibson kabi arxeologlar o’g’irlangan buyumlarni topib, Iroq milliy muzeyiga qaytarishga harakat qildi. Mintaqada vaziyat xavfli bo’lishiga qaramay, bu boradagi ishlar davom etmoqda.
“Iroqda arxeologik qazilmalar olib borilmoqda, nisbatan tinch joylarda ish davom etyapti. Kelasi hafta u yerda vaziyat qanday bo’lishini bilmaymiz, shu sabab qachon va qayerda mumkin bo’lsa, o’shanda ishlashga harakat qilyapmiz”, - deydi Makgvayr.
Eduard Planch BMTning Ta’lim, fan va madaniyat agentligi YUNESKOda ishlaydi. Uning aytishicha, Iroqda ishlayotgan arxeologlarga yordam berish maqsadida YUNESKO Iroq va Suriya yaqinida xizmat qilayotgan chegarachilar bilimini oshirishga, kontrabandani chegarada to’xtatishga harakat qilmoqda.
“Atrofdagi mamlakatlar bilan hamkorlikda bu ishni qilmoqchimiz. Ularni yo’qolgan buyumlar haqida xabardor qilib, qo’lga kiritgan bo’lsa, xavfsiz joyda saqlashga undayapmiz”, - deydi BMT vakili.
Mosul muzeyidagi ko’p eksponatlar haqidagi ma’lumotlar kompyuter tizimiga kiritilgani uchun ularni topishda qo’l keladi. Biroq bu bebaho asarlarning qayerdaligini aniqlash oson emas. 12 yillik tanaffusdan so’ng mart boshida ochilgan Iroq milliy muzeyidan 2003-yilda Iroq urushi boshlangan paytda yo’qolgan 15 mingga yaqin buyum hali ham qidirilmoqda.