Assad: “Vatanga xiyonat qilmaganlar” bilan gaplashamiz

  • Amerika Ovozi
Suriya prezidenti Bashar al-Assad Damashqda tarafdorlari oldida so’zlar ekan, muloqotga tayyor ekanini aytdi, lekin faqat “vatanga xiyonat qilmaganlar” bilan.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya rahbarining murojaati/Shohruh Hamro


Davlat rahbarining bir soatlik nutqidan biror yangi narsa eshitmadik, deydi oppozitsiya yetakchilari.

Bashar al-Assad so’nggi olti oy ichida xalqqa ilk bor murojaat qilishi. Tarafdorlari uni gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi. Horg’in, ammo ishonch bilan so’zlagan Assad muxolifat bilan muloqot shartlarini bayon qildi, qariyb ikki yillik urushni tugatish bo’yicha takliflarini o’rtaga tashladi.

Uning ta’kidlashicha, avvalo isyonchilar hujumlarni bas qilishi, ularning homiylari esa ko’makni to’xtatishi shart. Qurollangan to’dalar terroristik operatsiyalarni bas qilsa, qochqinlar eson-omon vatanga qaytadi.

Shundagina, armiyaga shaharlarni tark etishga ko’rsatma beraman, lekin hujumlarga javob qaytarish sharti bilan, deydi prezident.

Sulh haqidagi avvalgi kelishuvlar ish bermagan. O’tgan yili bahorda BMT kuzatuvchilari tomonlar murosaga moyil emas, deya mamlakatni tark etgan edi.

Assadning nutqi shundan dalolatki, uning davlat rahbari lavozimidan ketish niyati yo’q. Muxolifat bilan muzokarani amaldagi hukumat olib boradi.

“Murosa yo’llarini topish uchun jamiyatdagi turli tabaqa va guruhlar bilan yaqindan ish boshlaymiz. Mamlakat tashqarisidagi faollar ham bu jarayonga bosh qo’shsin”, - deya undadi Assad.

Suriya rahbari avvalgi murojaatlarida chet eldan faoliyat olib borayotgan muxolifatchilarni tilga olmagan edi.

Bashar al-Assad unga qarshi kurashayotgan qurollangan oppozitsiyani “terroristlar” deb ta’riflashda davom etdi.

“Haqiqiy, chin qo’zg’olonning yetakchisi bo’ladi, uning zaminida intellektual g’oyalar yotgan bo’ladi. Men buni ko’rmayapman. Bu harakatga qo’shilayotganlar bir to’da jinoyatchilar, ularning qo’lidan xalq jabr ko’rayapti xolos”, - dedi u.

Assad G’arb davlatlarini fitnada ayblab, Rossiya va Xitoyga xalqaro sahnadagi ko’magi uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Muxolifat yetakchilari prezidentdan biror yangi taklif chiqmagani va nutqi quruq va’dalardan iborat ekanini aytadi. Ayrim tahlilchilar fikricha, Suriya rahbari xayolot dunyosiga berilib, isyonchilar uning saroyiga yaqinlashib qolganini ko’rmayapti.