"Islomiy davlat"ga qarashli oilalar to'daning so'nggi qal'asini tark etmoqda

  • Amerika Ovozi

Bag'uzdan evakuatsiya qilingan ayollar va bolalar

Suriya hukumati ittifoqchi davlatlar yordamida “Islomiy davlat”ning so’nggi manzillariga hujum qilmoqda. Jangarilar yerosti tunellari bo’yicha harakatlanmoqda, jon-jahdi bilan jang qilmoqda, lagerlarida ko’plab ayollar va bolalar bor. Ba’zilari mojaro zonasini tark etishga muvaffaq bo’lmoqda.

“Islomiy davlat”ning eng so’nggi qal’asi sharqdagi Dayr al-Zo’r viloyatida joylashgan Bag’uz shahrida bo’lib, janglar shiddatli kechmoqda. O’tgan hafta ichida hududni olti mingdan ziyod odam tark etdi, shularning uchdan biri besh yoshgacha bo’lgan bolalar.

Havo bombardimoni natijasida 13 yashar Afafning onasi va opasi halok bo’lgan.

“Baqirdim, yordamga chaqirdim. Ilojsiz qoldim”, - deydi u.

Bu oilalarning aksariyati “Islomiy davlat” jangarilariga qarashli. Shahardan chiqqan ayollarning aytishicha, ular bilan chiqqan erkaklarni tekshirishga olib ketishgan.

“Islomiy davlat”ga xayrixoh odamlar xalifalik hali-beri tugatilmaganini aytadi.

“Bag’uzda qolganlar va tashqaridagilar g’alabaga erishadi”, - deydi shundaylardan biri.

Kuzatuvchilarga ko’ra, ekstremizming urug’i quritilmasa, “Islomiy davlat” yengilsa ham boshqa ekstremistik guruhlar vujudga kelishi mumkin.

“Bunday harakatlar ko’p bu yerda. Buni ikki yo’l bilan tugatish mumkin. Birinchisi, har bir zo’ravon harakatni kuch bilan bostirish kerak. Ular faqat kuchni tushunishadi. Ikkinchisi esa adolatsizlikka yetaklayotgan barcha sabablarni aniqlab, ular bilan shug’ullanish kerak”, - deydi mutaxassis Deyvid Yubank.