Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi rahbariga ko’ra, Suriyadagi lagerda yashayotgan xorijiy jangarilar va oilalari qaysi mamlakatlardan bo’lmasin, shu mamlakatlar hukumatlari ularni to’g’ri yo’lga solishga harakat qilishi kerak.
“Amerika Ovozi” Piter Maurer bilan gaplashib, “Al-Hol” lageridagi minglab ayollar va bolalar taqdiri xususida fikr bildirdi.
“Al-Hol” lageri Suriya shimoli-sharqida, Iroq chegarasiga yaqin joyda bo’lib, aslida 5000 odamga mo’ljallangan, ammo ayni damda u yerda 80 mingdan ziyod odam yashamoqda, aksariyati ayollar va bolalar.
Lager aholisining katta qismi “Islomiy davlat” terror guruhi jangarilarining oila a’zolari.
Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi raisi Piter Maurer lagerda bo’lib, ular bilan suhbatlashdi.
“Lagerda ahvol o’ta ayanchli. Lager odamlarga to’lgan. Ularni oziq-ovqat, yotishga joy, tibbiy yordam, suv, sanitariya xizmatlari bilan ta’minlash muammo. Gumanitar tashkilotlar va mahalliy hokimiyat eplolmayapti. Biz yordam berishga harakat qilyapmiz”, - deydi u.
Lager aholisining aksariyati Suriya va Iroqdan, yana o’nlab mamlakatdan jami 10 mingga yaqin odam bor. Bu davlatlar ularni qabul qilmoqchi emas. Qo’mita minglab bolalar taqdiridan tashvishda, yuzlab bola qarovsiz.
“Al-Hol” lageridagi odamlarning uchdan ikki qismi 12 yoshgacha bo’lganlar. Ular “Islomiy davlat” qoidalariga ko’ra, lager sharoitida yashashga o’rgangan. Bu bolalarning mamlakatlari ularni va, ayniqsa, ota-onalari yo’qlarini qabul qilib, yangi hayot berishi kerak”, - deydi Maurer.
Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi rahbariga ko’ra, tashkilot hozir shu bilan shug’ullanmoqda. Ayrim mamlakatlar o’z fuqarolarini qabul qilgan, biroq bunga qarshilik ko’rsatayotgan davlatlar ham bor.
“Bu oson emas, tushunamiz, biroq muammoga yechim topish kerak, aks holda bu odamlar mahalliy hukumatga, Iroq va kurd hukumatlariga og’ir yuk bo’lib turibdi”, - deydi Maurer.
Afg’oniston va Iroqdagi mojarolar paytida ham xorijiy jangarilar qatnashgan, biroq oilalari yonida bo’lmagan.