Suriyalik isyonchilarning qurollangan qanoti Ozod Suriya armiyasi zo'ravonliklarni to'xtatishga qaratilgan xalqaro diplomatik harakatlar samara bermagach, sulh shartlariga ortiq rioya qilmasligini bildirdi.
Tinch aholini zulmdan himoya qilishga majburmiz, deydi muxolifat vakili Rami Dalatiy.
"Suriya xalqi va inqilobchilar Annan tinchlik rejasini qabul qildi, biroq rejim unga amal qilmasdan begunoh odamlarni o'ldirishda davom etmoqda. Reja tarafdorimiz, ammo xalqning qirilishiga tinch qarab turolmaymiz", - deydi u.
BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Kofi Annan payshanba kuni Xavfsizlik Kengashida hisobot beradi. Juma kuni esa Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashadi.
Rasmiy Damashq ayrim mamlakatlarda suriyalik diplomatlarning haydalganiga javoban AQSh, Britaniya, Fransiya va Turkiya elchilari va diplomatik xodimlarini mamlakatdan chiqarishga qaror qildi.
Rossiya rahbari Vladimir Putin Xitoyga tashrifi chog'ida prezident Xu Sintao bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Rasmiy Pekin Rossiya bilan bu borada pozitsiyasi ayni ekanini ta'kidlamoqda.
"Suriyaga xorijiy kuchlarning kiritilishiga qarshimiz", - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.
Unga ko'ra, har ikki davlat zo'ravonliklarni bas qilib, prezident Bashar al-Assad hukumati va muxolifatni siyosiy muloqot boshlashi lozim.
Muxolifat, G'arb va arab davlatlari chetdan harbiylarni kiritishga chaqirmoqda, biroq Xitoy va Rossiya bunga yo'l qo'ymay keladi.