Suriyada qo'zg'olonchilarga qanday yordam berish xalqaro muhokamada

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Riyodda Fors ko'rfazi hamkorlik kengashida so'zlamoqda, 31-mart, 2012

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Saudiya Arabistoniga safarini davom ettirib, bugun qirollik rasmiylari va qo’shni davlatlarning diplomatlari bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.

Ertaga Istanbulda “Suriyaning do’stlari” degan guruh uchrashadi. Arablar qatorida u yerda G’arbning yuqori lavozimli rasmiylari ham qatnashadi, jumladan Xillari Klinton.

Suriyada hukumat kuchlaridan qochib uy-joyini tashlab chiqqan oilalar qayoqqa borishini bilmaydi

Fors ko’rfazidagi ayrim hukumatlar nazarida Suriyada Bashar al-Assad tuzumiga qarshi qurol ko’targan kuchlarni quvvatlash kerak, ya’ni ularga harbiy madad ko’rsatish kerak. Amerika bunga qarshi. Faqat tibbiy va insonparvarlik yordami ko’rsatiladi xolos, deya bildiradi Oq Uy.

Kecha Suriya bo’ylab to’qnashuvlarda 11 kishi halok bo’lgan.

BMT va Arab Ligasining maxsus vakili Kofi Annan Suriya hukumatini qo’zg’olonchilarga qarshi harbiy harakatlarni darhol bas qilib, sulh shartlarini bajarishga chaqirmoqda. “Bashar al-Assad axir biz taklif qilgan tinchlik rejasiga xo’p degan”, - deydi Annan.

BMT hisobicha, bir yildan beri davom etayotgan qo’zg’olon va hukumatning unga berayotgan qonli javobi oqibatida 9000 dan oshiq odam o’lgan.