Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari Suriyaning Xula qishlog’iga borgan. Bu yerda kechadan beri hukumat kuchlari 90 dan ortiq kishini otib o’ldirgan, jumladan 25 bolani. AQSh bu holatni qattiq qoralab, Bashar al-Assad va uning ma'muriyatini o'z xalqining qotili deb atamoqda.
Bir yarim oydirki, BMT tomonlarni sulh shartlariga bosh egishga chaqirib kelmoqda, lekin say-harakatlar samara bermayapti.
Faollarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xavfsizlik kuchlari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarga azob bermoqda, ko’p hollarda erkaklarni hibsga olmoqda.
BMT nazarida Suriya prezident Bashar al-Assad tutayotgan yo’l mamlakatni bugun yanada beqarorlashtirib, odamlar orasida davlatga nisbatan nafratni oshirib yuborgan.
BMT Bashar al-Assad va unga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarga sulh shartlarini eslatmoqda.
Hozirda tashkilot Suriyada 200 dan ortiq qurolsiz kuzatuvchiga ega. Oy oxirigacha ular 300 ga yetadi.
2011-yilning mart oyidan beri tinmayotgan qozg’olon va qonli to’qnashuvlarda bugungacha 10 mingdan ziyod odam halok bo’ldi.