Suriyada o'lganlar 100 mingdan oshdi

  • Amerika Ovozi
Suriyada 2011-yilda prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi boshlangan isyon shu kungacha 100 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi.

Britaniyada joylashgan Suriya huquq markazining so’nggi hisob-kitobiga ko’ra, ikki yillik mojaroda, jumladan, 18 ming isyonchi va hukumat askarlaridan 40 ming nafari halok bo’lgan. Oy boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’lganlar sonini 93 ming deb tasdiqlagan edi.

Iordaniya qiroli Abdullaning ogohlantirishicha, Suriyadagi zo’ravonlik butun mintaqaga yoyilish xavfi bor. Siyosiy yechim eng ma’qul yo’l, deydi u.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri kecha Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan muloqot qildi. Saudiya Arabistoni Suriya muxolifatini qurol bilan ta’minlab keladi, yaqinda Obama ma’muriyati ham ularga harbiy yordamni oshirishga qaror qildi.

Saud al-Faysal Eron, Rossiya va Hizbulloh guruhi Assad hukumatiga madad ko’rsatayotganini qoralab, Suriyaga qarshi qurol embargosini joriy etishga chaqirdi.

Suriya Axborot vaziri Umron al-Zubining javobi shuki, siyosiy muzokaralar boshlangan taqdirda ham Saudiya Arabistoniga unda joy yo’q. Terrorchilar, deydi u muxolifatga ishora qilib, bu mamlakat yetkazgan qurol bilan hukumatga qarshi bosh ko’targan.

Ayni paytda, AQSh va Rossiya tashabbusi bilan rejalangan Suriya bo’yicha xalqaro anjuman qachon o’tishi hanuz noma’lum.