Faollarning aytishicha, Suriya qurolli kuchlari bugun Xula shahriga o’q yog’dirgan. Shaharda o’tgan hafta ro’y bergan qatliom 100 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan edi. Armiya jumagacha hujumni bas qilmasa, avval erishilgan sulhdan kechamiz, deydi isyonchilar.
Huquq faollari deydiki, armiya Xulani ayovsiz o’qqa tutishda davom etmoqda; aholi uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan.
BMTning Damashqdagi matbuot kotibi Sosan Goshe Xulaga kuzatuvchi jo’natib, bu xabarlar qanchalik asosli ekanini tekshirayapmiz, deydi.
Isyonkor Ozod Suriya armiyasi boshlig’i Qosim Saadiddin prezident Bashar al-Assadga juma peshingacha muhlat berib, sulhga amal qilish talabini olg’a surdi. Aks holda bitim kuchini yo’qotadi, deydi u.
Ozod Suriya armiyasi asosan prezident Assaddan yuz o’girgan, yengil qurollangan askarlardan iborat. Xalqaro hamjamiyat elchisi Kofi Annan vositachiligida hukumat va isyonchilar o’tgan oy otishmani to’xtatishga kelishib olgan edi. Lekin tomonlar bitimga to’liq amal qilmay, bir-birini g’alamislikda ayblab keladi.
“Eron Suriya bilan chambarchas bog’liq. Islomiy respublika Suriya qurolli kuchlarini qo’llab-quvvatlaydi. Eronning Quds deya atalmish maxsus kuchlari Suriyada mazhablar adovatiga hissa qo’shmoqda. Rossiya esa notinch davlatga qurol uzatish bilan band”, - deydi Xillari Klinton.
BMT Xavfsizlik Kengashi Assad hukumatini namoyishchilarga qarshi xatti-harakatlari uchun jazolamoqchi, lekin kengash doimiy a’zosi va veto-taqiq huquqiga ega Rossiya chorani qayta-qayta to’smoqda. Rossiya prezidenti so’zlovchisi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva xorij bosimiga qaramasdan pozitsiyasini o’zgartirmoqchi emas.
AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays fikricha, agar sulh ish bermasa, jahon ahli boshqa usullarni ko’rib chiqishi, Xavfsizlik Kengashidan chetdagi tashkilotlar oraga tushishi kerak bo’ladi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya hukumatidan tinchlikni ta’minlashni, xalqni qatliomdan himoya etishni talab qilib chiqdi.
Suriyada xizmat qilayotgan 300 tinchlikparvar kuzatuvchi zo’ravonlikka qo’l qovushtirib qarab o’tirmaydi, deydi u bugungi bayonotida. Jinoyatchilar javobgarlikka tortilishini ta’minlash – kuzatuvchilar vazifalaridan biridir, dedi Pan Gi Mun.
Uning aytishicha, Xula shahridagi kabi qirg’in bois mamlakat falokatli fuqarolik urushi domiga tortilishi, bundan qaddini rostlay olmasligi hech gapmas.
BMT kuzatuvchilari seshanba kuni Deir al-Zur viloyatida 13 jasad topilgani, ularning qo’li orqasiga qilib bog’langanini bildirmoqda. Ba’zilari boshidan o’q yeb o’lgan.
AQSh respublikachi senatori Jon Makkeyn nazarida prezident Barak Obama Suriya masalasida qat’iy chora ko’rmasdan xato qilmoqda. Suriyadagi isyonchilarga qurol uzatish lozim, deb hisoblaydi senator.
Obama kecha masalani Fransiya rahbari Fransua Olland, Germaniya kansleri Angela Merkel va Italiya Bosh vaziri Mario Monti bilan muhokama qilgan. Suriyada qon to’kilishlarini tugatib, siyosiy ahvolni yaxshilash maburiyatini tomonlar e’tirof etdi, deyiladi Oq uy bayonotida.
Huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlar hisobicha, o’tgan yilning martidan beri Suriyada qo’zg’olon va olishuvlarda 13 mingdan ziyod odam nobud bo’lgan. Assad ma’muriyati minglab askarini yo’qotganini aytib, g’alayonda xorij qo’llab-quvvatlovini olgan terrorchilarni ayblaydi.