Inson huquqlari kengashi Suriya bo'yicha rezolyutsiya ustida ishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Idlib viloyati, 27-fevral 2012

BMTning Inson huquqlari kengashi Suriyadagi zo'ravonliklarni qoralovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qilish arafasida. Tashkilotga ko'ra, mamlakatda inson huquqlari muntazam ravishda buzilmoqda, hukumatga qarshi chiqqan faollar ta'qib etilib, aholiga nisbatan og'ir qurollar ishlatilmoqda.

Rezolyutsiya loyihasi Suriya hukumatini insonparvarlik tashkilotlarini darhol mamlakatga kiritib, zo'ravonliklardan jabr ko'rgan hududlarga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa anjomlarni yetkazishda ko'maklashishga chaqiradi.

Hujjat Qatar, Saudiya Arabistoni, Quvayt va Turkiya tomonidan ishlangan bo'lib, bugun Jenevada favqulodda majlis o'tmoqda.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navi Pillayning aytishicha, xalqaro hamjamiyat jim turmasligi, Suriyada hukumat qatliomini to'xtatish uchun chora ko'rishi kerak.

Suriya elchisi Faysal al-Hamvi Suriya ichki ishlariga aralashmaslikka, mazhablar o'rtasida adovat urug'ini sochmasdan, isyonchilarni qurollantirmaslikka chaqirgan.

Bu o'rtada Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi Hims shahridagi ayrim rayonlarga kirish ilinjida Suriya hukumati va isyonchilar bilan bir necha kundan beri muzokara qilmoqda.

Tashkilot vakilining aytishicha, kecha Suriya Qizil Yarim Oy jamiyatiga qarashli tezyordam mashinalari shaharning isyonchilar nazorati ostidagi Bobo Amir tumaniga kirib, yaralangan uch odamni olib chiqqan.

Faollarning aytishicha, tuman bir necha kundan beri armiya tomonidan bombardimon qilinmoqda. Shaharda suv, oziq-ovqat, dorilar tanqis.

Yakshanba kuni Suriyada yangi konstitutsiya bo'yicha referendum o'tkazildi. Saylovchilarning 90 foizi uni ma'qulladi. Hujjat ko'p partiyaviy tizimga asos solib, prezident muddatini cheklaydi. 1963-yildan beri Suriyani Baas partiyasi boshqarib keladi.

G'arb va muxolifat referendumni jiddiy qabul qilmadi. Xitoy va Rossiya esa olqishladi.