Qo’shma Shtatlar va G’arbdagi boshqa davlatlar Suriya hukumatini o’z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo’llaganlikda ayblab, harbiy chora ko’rishga shay. Harbiy operatsiya borasida omma fikri turlicha.
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Suriya rahbari Bashar al-Assadning qilmishlariga boshqa toqat qila olmaymiz deya parlamentni ko'ndirishga urindi, ammo qonunchilar unga yo'q deb javob bermoqda.
Dunyo davlatlari Suriyaga nisbatan qanday chora ko’rish ustida o’ylanmoqda. Iordaniyada boshpana topgan suriyalik qochqinlar namoyish o’tkazib, Amerikaning ehtimoliy hujumini qo’llab-quvvatladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Suriya rahbari Bashar al-Assadning qilmishlariga boshqa toqat qila olmaymiz deya parlamentni ko'ndirishga urindi, ammo qonunchilar unga yo'q deb javob bermoqda.
Dunyo davlatlari Suriyaga nisbatan qanday chora ko’rish ustida o’ylanmoqda. Iordaniyada boshpana topgan suriyalik qochqinlar namoyish o’tkazib, Amerikaning ehtimoliy hujumini qo’llab-quvvatladi.
"Erkin dunyo yetakchilariga vaqt yetdi, deb aytmoqchimiz", - deydi aksiya tashkilotchisi G’arib Shahada.
“Prezident Bashar al-Assad haddidan oshib ketdi. U begunoh odamlarni o’ldirish uchun ishlatgan raketalar va kimyoviy qurollarni yakson qilish kerak”, - deydi u.
Iordaniyaning Zaatari qochqinlar lageri qariyb 150 ming odamni boshpana bilan ta’minlaydi. Ayrimlar nazarida ikki yillik xunrezlikdan keyin dunyo Suriya mojarosiga endi aralashmoqchi bo’layotgani mantiqsizlik.
“Bu haqda ikki yil ilgari o’ylash kerak edi. NATO, G’arb va arab davlatlari qo’ygan keskin talablar ancha oldin qo’yilishi lozim edi. Qancha odam nobud bo’ldi, bolalar, ayollar va keksalarni qirishdi”, - deydi Ibrohim Sulaymon ismli suriyalik.
G’arbda Suriya hukumatini jazolash haqida bayonotlar yangrar ekan, hozirgi iqtisodiy sharoitda harbiy operatsiyaga bir dunyo pul sarflash g’oyasi aksar fuqarolarga ma’qul emas. BMTda Suriya aholisini himoya qilish to’g’risidagi rezolyutsiyani olg’a surgan Britaniyada namoyishchilar bosh vazir idorasini o’rab oldi.
“Qosh qo’yaman deb ko’z chiqarishadi, Suriyada ahvol besh battar bo’ladi. Axir Iroq urushidan hech narsa o’rganmadikmi?”, - deb so’raydi Jahon ismli namoyishchi.
Amerikada o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, fuqarolarning 60 foizi Suriya mo’jarosiga aralashishga qarshi. “Boston Globe” gazetasi sharhlovchisi Brayan Bender so’zlariga ko’ra, bunga asosiy sabab aynan Iroq.
“Iroqqa bostirib kirayotganda ham ommaviy qirg’in qurollari, kimyoviy va biologik qurollar, qolaversa, yadroviy raketalar sabab qilib ko’rsatilgan edi. Saddam Husaynda bularning hech biri yo’q ekan. Shu bois Amerikada ham, boshqa davlatlarda ham ko’pchilik shubha bilan qaraydi”, - deydi jurnalist.
Agar prezident Obama Suriyani nishonga olishga qaror qilsa, deydi Bender, bu zarur chora ekani va juda tor maqsadni ko’zlashiga o’z xalqini ishontirishi lozim.
Suriyaga doir razvedka ma’lumotlarini qisman Isroil yetkazib berayotgani aniq. Regionda yahudiy davlatiga nisbatan munosabatni hisobga oladigan bo’lsak, shubha-gumonlar bir dunyo.
Qohiradagi al-Sharq tadqiqot markazi direktori Mustafo Labbad izohicha, arab dunyosida Amerikaga nisbatan ishonch juda past. Iroqda ommaviy qirg’in qurollari borligi qip-qizil yolg’on bo’lib chiqqanini hech kim unutmagan, deydi u.
Vashingtonni ikkiyuzlama siyosatda ayblaydiganlar ham talay.
“Suriya armiyasi kimyoviy qurol qo’llaganini isbotlovchi konkret dalillar yo’q. Bashar al-Assad diktator ekani ayon, lekin AQShga do’st mamlakatlarda ham diktatorlar ko’p”, - deydi siyosatshunos.
Oq uyning bildirishicha, ehtimoliy harbiy operatsiya Suriyada amaldagi tuzumni o’zgartirishni ko’zlamaydi. Prezident Assad o’rniga jihodchilar kelishi ehtimoli va qochqinlar yanada ko’payishidan shundoq ham asablar tarang.