Xalqaro matbuot “Islomiy davlat” jangari to’dasiga a’zo jihodchilar oila a’zolari uchun tashkil etilgan lagerlarni guruhni jonlantirishga qaratilgan “inkubatorlar” deb atamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Biroq insonparvarlik tashkilotlariga ko’ra, zo’ravonlik va ekstremizm muhitida tarbiyalangan bolalarni normal hayotga qaytarish mumkin. Buning uchun tez harakat qilish kerak, chunki bolalarning ruhiy azoblari kun-sayin kuchaymoqda. “Amerika Ovozi” yaqinda al-Hol va Ayn Issa lagerlarida bo’ldi.
Suriyaning Raqqa viloyatida joylashgan Ayn Issa lagerida yashayotgan bolalar “Amerika Ovozi” tasvirchisini ko’rganda qo’llarini to’pponcha shakliga keltirib, uni otganday ishora qildi.
Hasaka viloyatidagi al-Hol lagerida esa bolalar katta bo’lganda otalari yo’lidan borishlarini aytishdi. Jajji qizaloqlar yuziga niqob tortilgan. Bu lagerlardagi ayollar “Islomiy davlat”ga yaxshi niyat bilan qo’shilganini aytadi, biroq ayrimlari endi bu qarorlaridan pushaymon.
“Biz yashagan joyda musulmonlarga doim egri qarashadi. Nega yuzingni to’syapsan, nega unday qilyapsan, nega bunday qilyapsan deb ko’p so’rashadi. Shunda kimdir islomiy davlatda yashashni taklif etdi. U yerda hech kim bunday savollar bermaydi, deyishdi”, - deydi belgiyalik Bushra Abuallal.
Mart oyida Daishning so’nggi qal’asi qulaganidan so’ng jangarilarning farzandlari lagerlarga joylashtirildi. Hozirda ularning soni 50 mingdan ko’p. Aksariyati onalari, jangarilarning boshqa xotinlari va ayol oila a’zolari bilan. Otalari o’lgan yoki qamoqda.
Mahalliy rasmiylar nazarida, lagerlar katta xavf tug’dirmoqda – bir necha bor qo’riqchilarga hujumlar bo’lgan, “Islomiy davlat” qoidalariga qattiq amal qilmagan ayollar boshqa ayollar tomonidan Daish usulida tuzilgan axloq politsiyasi nazoratiga tushib qolgan.
Minglab oilalar Suriyaga xorijdan kelgan. Mahalliy hukumat ularning davlatlaridan o’z fuqarolarini qaytib olishni so’ragan.
“Al-Hol lagerida xavfsizlikni kuchaytiryapmiz. Bu yolg’iz bizning muammoimiz emas, 50 ta boshqa davlatning siyosiy muammosi hamdir”, - deydi kurd jangchilaridan iborat Suriya demokratik kuchlari so’zlovchisi Mustafo Bali.
Gumanitar yordam tashkilotlariga kio’ra, jihodchilar farzandlarini normal hayotga qaytarishga kech emas. Biroq bu borada aniq harakat bo’lmasa, gumanitar inqiroz tez orada xavfsizlik muammosiga aylanishi mumkin, deydi ular.