Isroil hujumidan xalqaro hamjamiyat tashvishda

  • Amerika Ovozi

Isroil hujumidan vayron bo'lgan harbiy markaz binosi, Damashq, Suriya, 5-may, 2013-yil.

Suriyadagi harbiy markazga Isroil havo hujumi uyushtirgani aytilmoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning voqea yuzasidan keskin tashvish bildirishi ortidan, Rossiya va Xitoy ham noroziligini izhor etdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mojaroning kuch bilan hal qilinishiga qarshi chiqib, mamlakatlarning milliy suvereniteti hurmat qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

Rossiya esa Suriyadagi ixtilofning boshqa hududlarga ham tarqalishi mumkinligidan xavotirda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni mas’uliyatli bo’lishga chaqirib, allaqachon juda xavfli tus olgan ixtilofning yanada kuchayishiga hissa qo’shmaslikka chaqirgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Rossiyaga safar qilmoqda. U prezident Vladimir Putin bilan Suriya masalasida gaplashishi kutilmoqda.

Yaqin Sharqdagi xavfsizlik bo’yicha manbalarning aytishicha, Isroil Damashq xalqaro aeroportida saqlanayotgan Fotih-110 raketalarini havodan o’qqa tutgan. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Erondan keltirilgan bu raketalar Isroilga qarshi qo’llashi uchun Livandagi Hizbulloh guruhiga yetkazilishi mo’ljallangan.

Suriya hukumati hujumni keskin qoralab, Isroilni Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan terrorchi guruhlarga yordam berayotganlikda ayblagan. Suriya Tashqi ishlar vazirligining kecha BMT Xavfsizlik kengashiga yo’llagan maktubida Isroil hujumi natijasida ko’plab odamlar o’lgani, yaralangani hamda katta miqdorda talofat ko’rilgani aytiladi.

Eron ham xurujni qoralab, mintaqa davlatlarini Isroil tajovuziga qarshi bosh ko’tarishga chaqirgan.

Bu hujum, agar tasdiqlansa, Isroilning 2013-yil Suriyaga qarshi uyushtirgan uchinchi havo zarbasidir. Yanvar oyida Isroil Suriyadan Hizbullohga qurol olib ketayotgan harbiy kolonnani ham nishonga olgan edi. Ayni paytda Isroil shimoliy chegarasiga “Temir gumbaz” deya ataluvchi mudofaa tizimini o’rnatmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama Isroil o’zini himoya qilishi uchun Hizbulloh kabi terrorchi guruhlarga tegishli qurollarni yo’q qilishga haqli ekanini aytgan. U navbatdagi hujumning aynan Isroil tomonidan sodir etilganiga ishora qilmagan. Hujumlarni amalga oshirganini Isroilning o’zi tan olishi yoki rad etishi kerak, deydi Obama.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1652455&w=640&h=427&skin=embeded