Kurdlar: Turkiya Kobani shahrini jihodchilardan himoya qilsin

  • Amerika Ovozi

Suriyaning kurdlar yashovchi Kobani shahri bir necha haftadan buyon jangarilar qurshovida. “Islomiy davlat” terror guruhi Turkiyaga yaqin joylashgan bu shaharga tinmay hujum qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kurdlar: Turkiya Kobani shahrini jihodchilardan himoya qilsin/Shohruh Hamro

Turkiyadagi kurd jamoasi g’azabda. Hukumatimiz Kobani ahliga yordam qo’lini cho’zishi shart, deydi ular.

Suriyadagi elatdoshlariga hamdard ekanini ko’rsatish uchun kurdlar Turkiyaning turli shaharlaridan chegara tomon oshiqadi. Kobani, arabchada Ayn al-Arab deya tanilgan shaharni “Islomiy davlat” ikki haftadan beri bosib olishga harakat qilmoqda.

Chegaraning 20 kilometrga cho’zilgan kichik qishloqlarida to’planib, odamlar olisdagi janglarni, tanklar va minomyotlarning gumburlashini diqqat bilan kuzatadi. Qora tutun chiqayotgan joylarga qarab boshini siltaydi.

Ayn al-Arabda vahshiyona jinoyatlar sodir etilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Turkiya va G’arb davlatlari esa aralashmayapti, shaharni qutqarishga shoshmayapti, deydi kurdlar.

Ularning ogohlantirishicha, agar Kobani jihodchilarga boy berilsa, Anqaraning kurdlar bilan 30 yillik adovatga chek qo’yish urinishlari ham barbod bo’ladi.

Chegaraning narigi tarafini kuzatib turganlar orasida Batman shahrining kurd meri Sabri O’zdemir ham bor.

“Kobani yengilsa, Turkiya ham yengiladi”, deydi u, Kurdiston ishchilar partiyasi bilan olib borilayotgan tinchlik muzokaralariga ishora qilib.

Partiyaning hibsdagi yetakchisi Abdulla O’jalon ham o’tgan hafta shu mazmunda bayonot bergan edi. Turkiyada kurdlar qo’liga yana qurol olsa, shundoq ham beqaror mintaqa ostin-ustun bo’lib ketadi.

“Islomiy davlat” eng zamonaviy qurol va tanklarga ega. Bir paytlar AQShdan Iroq armiyasiga berilgan aslaha hozir ular qo’lida. Kobani himoyasida turgan kurdlar bu guruhga bas kela olmaydi. Aksar aholi shaharni allaqachon tark etgan. Faqat jangchilar va qariyalar qolgan xolos.

Kurd jamoasining chaqiriqlariga qaramasdan, Turkiya Suriyadagi fuqaro urushiga tortilishdan cho’chiydi. Jihodchilar hozir Ayn al-Arab shahridan atigi bir necha kilometr narida.

Janglarni kuzatib turganlardan biri - 32 yoshli Shavkat.

“AQSh samolyotlari so’nggi kunlarda bu yerdan ikki marta uchib o’tdi va Kobaniga yaqin joylarga bomba tashladi”, - deydi u.

Kurdiston mudofaa manbalarining bildirishicha, AQShning havo hujumlari natijasida jihodchilar shahardan bir kilometr uzoqlashgan. Ammo Kobani omon qolishi uchun AQShdan ko’proq yordam kerak.

Muxbirimiz Jeymi Detmerning xabar berishicha, minglab kurdlar Kobanidan qochib, Turkiyaga oilalarini olib kelgan. Lekin chegarani kesib, Suriyaga qaytib o’tayotganlar ham kam emas.

“Suriya mening vatanim”, deydi ulardan biri. “Shuning uchun yana yo’lga chiqdim. O’lamanmi, omon qolamanmi, menga farqi yo’q”.