Qonunchilar Obamadan Suriya masalasida dadil harakat kutmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh senatori Jon Makkeyn, respublikachi, Arizona shtatidan

AQSh qonunchilari Amerika Suriyada kimyoviy qurol ishlatilganiga ko’z yuma olmaydi, demoqda. Ayrimlari Oq uyni tezkor chora ko’rishga chaqirmoqda.

O’tgan hafta Oq uyning razvedka ma’lumotlariga tayanib aytishicha, Suriyada hukumat isyonchilarga qarshi oz miqdorda zarin gazini qo’llagan. AQSh qonunchilari bundan g’azabda.

Respublikachi senator Jon Makkeynning aytishicha, Qo’shma Shtatlar prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarni darhol qurollantirishi, qochqinlarga yordam berishi, kerak bo’lsa, xalqaro kuch to’plab, Suriyaga kirishi, kimyoviy va ehtimolan, biologik qurollarni xavfsiz joyda saqlashi lozim.

"Qurol jihodchilar qo’liga tushmasligi kerak", - deydi Makkeyn.

Senator Suriya harbiy samolyotlari parvozlarini taqiqlashga ham chaqirmoqda.

Oq uy Suriyada kimyoviy qurol ishga solingani haqidagi ma’lumotlar avval Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tasdiqlansin, demoqda. Senator Makkeyn nazarida Obama ma’muriyatining beparvoligi sabab Suriyada ko’p qon to’kilmoqda.

"Prezidentimiz kimyoviy qurol ishlatilsagina chora ko’rmoqchi, ammo Bashar Assad “Skad” raketalarini, jangovar vertolyotlarni, qiruvchi samolyotlarni ishga solib, odamlarni ommaviy tarzda qirmoqda", - deydi qonunchi.

Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatini gumanitar yordam va harbiy anjomlar bilan ta’minlab turadi, ammo qurol sotishdan bosh tortmoqda. Mamlakatda muxolifatdan mustaqil ravishda harakatlanayotgan islomiy guruhlar bo’lib, AQSh qurol ularning qo’liga tushishidan xavotirda. Obama ma’muriyati Assad rejimining kuni bitmoqda va tez orada qulaydi, deya Suriyaga qo’shin kiritmoqchi emas.

Biroq Obamaning Kongressdagi ayrim tarafdorlari nazarida ham Qo’shma Shtatlar faolroq harakat qilishi lozim.

Kongressga saylangan ilk musulmon Kit Ellisonning aytishicha, Amerika gumanitar masalalarda kattaroq rol o’ynashi mumkin. Iordaniya va Livanda ko’p sonli suriyalik qochqinlar bor, Suriyaning o’zida uyini tashlab, boshqa hududlarga bosh olib chiqqanlar talaygina.

"Xalq jabr ko’rmoqda va Qo’shma Shtatlar bu holatda qo’l qovushtirib o’tirmasligi kerak", - deydi qonunchi.