AQSh rahbari: Suriyadagi vaziyatga ortiq toqat qila olmaymiz

  • Amerika Ovozi

Sankt-Peterburgdagi sammit paytida olingan surat. 6-sentabr, 2013.

Qo’shma Shtatlar rahbari Barak Obama deydiki, “Suriyaning qonxo’r prezidenti Bashar al-Assadning qilmishlariga qarab turish vijdonsizlikdir va qatliomlarga ortiq toqat qilib bo’lmaydi”.

Bugun xalqqa qilgan murojaatida, Obama amerikaliklarni ogohlikka undadi. “Inson qadri uchun turib berishimiz kerak”, - dedi u.

Assad o’z xalqiga qarshi kimyoviy qurollarni ishga solib, bir yarim mingga yaqin odamni yoppasiga o’ldirib qutulib ketmasligi kerak, kelajakda bu jinoyatlar yana qaytalanishi mumkin, deydi Obama.

Ikki yarim yildan beri Suriya hukumati va isyonchilar orasidagi olishuvni muzokara va diplomatiya orqali yechishga urindik, lekin Bashar al-Assad uning siyosatiga qarshi chiqqanlarni qirib tashlashga bel bog’lagan va hech kim bilan murosaga bormasligini qayta-qayta isbotladi, deydi Obama.

Xalqaro hamjamiyat shuncha kutdi, umid qildi, uni muzokaraga chorladi, lekin u ko’nmadi, bu orada minglab insonlarning yostig’i quridi, deya qayd etadi Oq uy.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yevropadagi hamkorlar bilan ko’rishib, ularga maqsad va iddaolarni tushuntirmoqda.

Bugun Kerri Vilnyusda muzokaralar olib borgan. Yevropa Ittifoqining ayni damdagi raisi Litva bo’lib, yetakchi diplomatlar u yerda majlis qilmoqda.

Blok Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton Amerikani quvvatlab, bayonot bergan.

Katta Yigirmalikning Sankt-Peterburgda o’tgan sammitida 11 davlat AQSh pozitsiyasini yoqlab, maxsus hujjatga imzo chekkan.

Germaniya ham unga qo’l qo’yishga tayyor. Lekin yig’in mezboni Rossiya Assadni himoya qilmoqda.

Bugun Damashqdagi janglarda 16 kishi nobud bo’lgan.

Suriyadagi manzara:

Suriyadagi manzara