Suriyadagi muxolifatning muhim bo’limi safni tark etmoqchi. Mahalliy muvofiqlash qo’mitasining shikoyati shuki, oppozitsion Milliy Kengash siyosiy jihatdan no’noq va prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon ruhiyatiga mutlaqo zid harakat qilmoqda.
Safdagi boshqa guruhlarni kamsitish, hokimiyatni faqat o’zi uchun loyiq ko’rish, viloyatlardagi faollar bilan muntazam gaplashmaslik kabi illatlardan norozimiz, deydi guruh a’zolari.
Suriya Milliy Kengashi mamlakatdagi kichik isyonchi bo’limlar, elatlarni birlashtirishga ojizlik qilib, ko’zga ko’rinlar faollarning hafsalasi pir bo’la boshlagan. Xususan, shu hafta kengash o’z rahnamosi Burhon Galiunni boshqaruvda yana uch oyga qoldirishga qaror qildi.
Holbuki, deydi tanqidchilar, o’zini dunyoviy, bosiq yetakchi sifatida ko’rsatishga urinayotgan bu arbob Suriyadagi dindor oqimlar bilan o’ta yaqin aloqada.
So’nggi xabarlarga ko’ra, koalitsion muxolifat orasida ziddiyat yanada chuqurlashmasin deya Galiun kengash rahbari lavozimidan voz kechgan.
Suriya Milliy Kengashi o’tgan yilning sentabrida yuzaga kelgan edi. Shu paytgacha prezident Assadga qarshi turib bera oladigan, davlatni boshqara oladigan kuch sifatida shakllana olmayapti.
Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlarini kuzatuvchi guruhning bildirishicha esa bugun armiya Rastan shahriga o’q yog’dirgan. Assad esa bugun Rossiya televideniyega bergan intervyusida qo’zg’olonni bostirish qarorida qat’iy ekanini ta’kidladi.
"Biz mana bir yildan oshibdiki, demokratiyani bayroq qilgan faollar bilan emas, balki xorijdan yordam olayotgan terrorchilar bilan olishayapmiz", - dedi u. Qurolli muxolif guruhlar esa aslida jinoyatchilar va dindor ektremistlardan iborat, deb hisoblaydi Assad.