AQSh mashqidan o'tgan suriyaliklar jangga kirishdi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar va unga ittifoqchi davlatlar tomonidan tayyorlangan bir guruh suriyalik isyonchilar Suriya shimoliga kirdi, deya xabar bermoqda Britaniyada joylashgan huquq markazi.

Suriyadagi vaziyatni yaqindan kuzatib boradigan bu tashkilot ma'lumotiga ko'ra, 75 jangchi Turkiyada treningdan o'tgan. Ular "Islomiy davlat"ga qarshi janglarda qatnashadi. AQSh rasmiylari bu borada izoh bergani yo'q.

Suriyadan, shuningdek, hukumat va isyonchilar sulhga erishgani haqida xabarlar kelmoqda.

AQSh suriyalik muxolifatchilarni treningdan va qurollantirish uchun 500 million dollarlik dasturni yo'lga qo'ygan edi. Yaqinda bu dasturga tuzatishlar kiritilgan.

Obama ma'muriyati Prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak, degan talabni olg'a surishda davom etmoqda. Bu masalani muzokara orqali hal qilsa bo'ladi, deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

AQSh bosh diplomati Yevropadagi ittifoqchilar bilan bu mavzuni muhokama qilgan. Qonli urushni tugatish uchun, Assad ketishi uchun Rossiya va Eron o'z ta'sir vositalarini ishga solishidan umidvormiz, deydi Jon Kerri.

U aynan urush sabab millionlab suriyaliklar qo'shni davlatlarda sarson bo'layotgani, Yevropa qochqinlarga to'lib ketganiga urg'u berdi.

Suriya mojarosi shu kungacha 250 ming odamning yostig'ini quritdi.