Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko’ra, Suriyada o’tgan yilning martidan beri armiya va isyonchilar inson huquqlarini birdek poymol qilib kelmoqda.
Mustaqil komissiya prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon va to’qnashuvlarga botgan davlatda ahvolni o’rganib shunday xulosa qildi - Suriya harbiylari, xavfsizlik kuchlari aksariyat qon to’kilishlari uchun javobgar, biroq qurollangan namoyishchilar ham beayb emas.
Komissiyani BMT Inson huquqlari kengashi o’tgan yili tuzgan edi. Uning bildirishicha, armiya Hims, Aleppo, Hamo va Damashq kabi shahar va viloyatlarda namoyishchilarga qarshi o’q-dori ishlatgan. Isyonchilar o’z navbatida askarlarni, hukumat tarafdorlarini o’ldirgan.
Suriya muxolifati esa rahbar Burxon Galiun iste’fosini qabul qildi. Diniy guruhlar bilan yaqin aloqada bo’lgan deya tanqid ostida qolayotgan arbob oppozitsiya yakdil, yaxlit qolishi kerak, deya ishdan ketmoqda.
Yangi rahbar 9-10 iyunda tanlanadi. So’nggi kunlarda Suriya muxolifati safidagi tarqoqlik tobora kuchayib borayotgan, xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlovi boy berilishi ehtimoldan xoli emas edi.