BMT: Suriyada hukumat, muxolifat qo'rqinchli jinoyatlar sodir etayapti

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya armiyasi jangchisi marhum safdoshini Halabdagi to'qnashuvdan olib chiqmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlarining aytishicha, Suriyada inson huquqlari hamon poymol etilmoqda. Hukumat va muxolifat qatliomlar sodir etishda davom etayapti. Har ikki tomon bu jinoyatlar jazosiz qolishiga ishonchi komil, deydi BMT tergovchilari.

Xalqaro tashkilot bugun e’lon qilgan hisobotda qishloqlar va shaharlarga ayovsiz o’q yog’dirilayotgani, qiynoqlar, qatl etishlar va jinsiy zo’ravonlik keng tus olayotgani aytiladi.

Hisobotda yozilishicha, aholi orasida eng ko’p talofatlarga sabab bo’layotgan ham aynan qaramay-netmay o’qqa tutishlardir. Odamlar shu bois tug’ilib o’sgan yerlarini tashlab qochmoqda, deyiladi unda.

BMT Qochqinlar agentligi 2011-yildan beri 2 million odam Suriyadan bosh olib ketgani haqida ma’lum qiladi. Yana 4 milliondan ziyod fuqaro mamlakatning o’zida sarson.

Kecha AQSh prezidenti Barak Obama Kongressdan Suriya masalasini hozircha ovozga qo'ymaslikni so'radi. Rasmiy Damashq Rossiya qistovi bilan kimyoviy qurolidan qutulishga rozilik bergach, Obama shunday qarorga kelgan.

Bashar al-Assad ma'muriyati, xususan, bunday qurollari saqlanadigan manzillarni e'lon qilib, kimyoviy aslahani qo'llashni taqiqlovchi xalqaro hujjatni imzolashga rozi.

Kecha kechqurun xalqqa murojaatida Obama Rossiyaning vositachiligida erishilgan kelishuvni ijobiy baholadi. Biroq diplomatiya ish bermasa, AQSh qurolini qo’llashga majbur bo’ladi, dedi Oq uy rahbari.

Fransiya, Britaniya va AQSh diplomatlari kecha Suriya yuzasidan alohida rezolyutsiya ustida ishlab, hujjatni BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirmoqchi. Unda, xususan, 21-avgust kuni Damashq yaqinida sodir etilgan kimyoviy hujum qoralanib, ijrochilarni javobgarlikka tortish va harbiy chora ehtimoli haqida so’z boradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kongressning Suriya bo'yicha qarori AQSh obro'siga ta'sir qiladi