Huquq himoyachilarining aytishicha, Suriyaning Hama shahriga piyoda askar va tanklar kirib, prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyish qilayotgan fuqarolar nishonga olingan.
Guvohlarning aytishicha, xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib faollarni qidirgan.
Hama shahri bir necha bor yirik namoyishlarga sahna bo’lgan. Biroq joriy oy boshida armiya shaharga bostirib kirib, isyonni tinchitganday bo’ldi. Shu kunlarda Hama ahli yana qo’zg’algan.
Prezident Assad siyosatidan norozi Qo’shma Shtatlar kecha Suriyaga qo’shimcha sanksiyalar qo’ydi.
Bashar al-Assad ma’muriyati, qator kompaniyalarga qarashli mablag’ni muzlatish, Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim, Assadning maslahatchisi Butayna Shaaban va Suriyaning Livandagi elchisi Ali Abdul Karim Ali bilan har qanday moliyaviy aloqani taqiqlash ana shular jumlasidan.
Bu rasmiylar xalqqa qarshi terror va tahdid siyosatini targ’ib qilgani, zolim hukumatning karnayi bo’lib xizmat qilgani uchun jazolanmoqda, deydi Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nuland. Suriya hukumati esa zo’ravonlikda jinoiy guruhlar va terrorchilarni ayblaydi.
“Elchi Ali Abdul Karim Ali suriyalik faollar, muxolifat yetakchilarini o’g’irlashga hissa qo’shib, Suriya razvedkasi bilan hamkorlik qilgan. Bu xavotirimizni Livan rasmiylariga yetkazdik”,- deydi Viktoriya Nuland.
Suriyaning Vashingtondagi elchixonasi ham faollarni nazorat qilib, ta’qib qilgan degan gumonlar bor.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisobicha, Suriyada bahor oyida boshlangan namoyishlardan beri qamoqlarda 88 kishi, jumladan, 10 nafar bola o’lgan. 52 kishi ayovsiz qiynoqqa solinish natijasida jon bergan.
Shu tariqa, Amerika tomonidan sanksiya bilan jazolangan Suriya rasmiylari soni 30 dan oshdi, ular orasida prezident Bashar al-Assad ham bor.
Amerika prezidenti Barak Obama fikricha razil jinoyatlarni boshida turgan Assad hokimiyatni bo’shatishi kerak.
Amerikalik tahlilchi Deyvid Shenker deydiki, Amerika sanksiyalari darrov ish berishi qiyin, lekin Obama ma’muriyati tomonidan jiddiy ogohlantirishdir.
Yevropa Ittifoqi tez kunda qo’yishi kutilayotgan energetik sanksiyalar esa Suriyaga qattiq zarba berishi aniq, deydi u. Chunki Bashar al-Assad ma’muriyati 30 foiz daromadidan ayriladi.