Suriyada bosh vazirga suiqasd uyushtirildi

  • Amerika Ovozi

Damashqda bomba xurujiga uchragan avtomobil, 29-aprel, 2013-yil.

Bugun Damashqning Mazza nohiyasida Suriya bosh vaziriga hujum uyushtirilgan. Guvohlarning aytishicha, yuqori martabali rasmiy Vail al-Xalqiy mashinasi o'tib ketayotgan paytda kuchli portlash sodir bo'lgan. Halok bo'lganlar bor, ammo bosh vazirga shikast yetmagan.

Davlat matbuoti hujumni terroristlar amalga oshirgani haqida xabar bermoqda. Hukumat 2011-yilda boshlangan fuqarolik urushida Bashar al-Assad rejimiga qarshi kurashayotgan muxolifat kuchlarini terrorchilar deya ataydi.

Portlash poytaxtning g'arbiy qismida ro'y bergan. Mamlakat rasmiylarining aksariyati shaharning shu qismida yashashi aytiladi.

Ayni paytda mamlakatda g'alayon borgan sari avj olmoqda. Shu kungacha muxolifat va hukumat kuchlari o'rtasida kechgan janglarda 70 mingdan ziyod odam halok bo'lgan. Ayni kunlarda poytaxt Damashq atrofida muhim strategik nuqtalarni qo'lga kiritish uchun qaqshatqich janglar ketmoqda.