Suriyada Assad ketsa ham mojaro davom etishi mumkin

  • Amerika Ovozi
Suriyada fuqarolik urushining keti ko’rinmas ekan, diplomatik harakatlar ham foyda bermayapti. BMT hisobiga ko’ra, salkam ikki yilda 60 mingdan ziyod odam o’lgan. Tahlilchilarning aytishicha, mojaro hali-beri hal bo’lmaydi va, hatto, isyonchilar prezident Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag’dargan taqdirda ham zo’ravonliklar davom etadi.

Suriyada tomonlar hokimiyat uchun kurashar ekan, g’alaba kim tomonida bo’lishi hozircha aniq emas. Ekspertlar “bunisi hali holva” demoqda.

Suriyada bundan battar bo’lish ehtimoli bor, deydi Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Aliya Braximiy.

"Agar Assad tuzumi qulasa, qasos olishlar, ichki zo’ravonliklar kuchayadi, ko’p qon to’kiladi. G’olib oppozitsiyaning ichida hokimiyat uchun qattiq kurash boshlanadi. Ustiga-ustak, mintaqadagi davlatlar o’ziga qarashli guruhlarni qo’llab-quvvatlashga kirishadi".

Manzara umid bag’ishlamaydi, ammo hech kim uchun yangilik emas. Axir Suriyada o’zaro adovat qiluvchi sunniylar va shialar, turli klanlar, guruhlar va mazhablar, islomiy jangarilar va liberal kuchlarning borligi sir emas.

"Suriya shunday bir inqirozga kirdiki, undan hali bir necha yil chiqolmaydi. Chunki mojaro mazhablararo va mintaqaviy kurash ishtirokchilariga qo’l kelmoqda", - deydi Aliya Braximiy.

Tahlilchi Suriyada hukmron alaviylar oqimining shia yetakchilarini qo’llab-quvvatlayotgan Eron va Damashqda hokimiyat tepasiga sunniylarning kelishini xohlayotgan Saudiya Arabistonini nazarda tutmoqda. Tehronning bu ko’magi uchun alaviylar unga Livanga o’z ta’sirini o’tkazishda yordam bermoqda. Qirollik esa o’z navbatida Eronni zaiflashtirishga intilyapti.

Bundan tashqari Suriyaning liberal bo’lishini istayotgan G’arb davlatlari hamda bu mamlakatda o’z manfaatlarini saqlab qolishga urinayotgan Rossiyani ham unutmaslik kerak.

Agar, deydi Arab-Britan kengashi tahlilchisi Kris Doyl, ichki va tashqi kuchlar manfaatlarining saqlanib qolishi kafolatlansa, fuqarolik urushi Suriyada u qadar cho’zilmasligi ham mumkin.

"Agar Assad rejimi shu bugunoq qulasa, mamlakatda hokimiyat uchun qattiq kurash boshlanadi. Biroq masalaga siyosiy yechim topilsa, aniq o’tish jarayoni belgilansa, u holda Suriyaning boshiga biz xavotir olayotgan qora kunlar tushmasligi mumkin", - deydi Doyl.

Biroq tomonlar eng munozarali masala bo’yicha murosa qilishi lozim. Assad hokimiyatdan darhol ketadimi yoki o’tish davrida mamlakatni boshqarib turadimi? Hech bir tomonning past kelgisi yo’q.

"Bu ishni amallasa bo’ladi. Shunchaki, hozircha bunga xohish yo’q", - deydi londonlik tahlilchi Aliya Braximiy.

Vaziyat o’zgarmas ekan, mojaro yana bir necha oy, balki yil davom etishi muqarrar, xoh Assad hokimiyatda qolsin, xoh ketsin, deydi mutaxassislar.