BMT: Suriyada hech kimga qurol sotmang!

  • Amerika Ovozi

Halab, 25-iyul, 2014

BMT Suriyaga qurol berishni butkul man etishga chaqirmoqda. Maxsus kengashga Braziliya diplomati Paulo Sergio Pinero rais. Uning aytishicha, bu mamlakatda qonli urushga bahram berish uchun avvalo qurol oqimini to’xtatish kerak.

Biror davlat Suriyada hech kimga qurol uzatmasligi shart, deydi u.

U yerda har bir tomon insoniyatga qarshi ayanchli jinoyatlar sodir etgan, bunga shubha yo’q, deydi Pinero. Urushga harbiy yo’l bilan nuqta qo’yish mumkin emas.

Shunday ekan, xalqaro hamjamiyat mas’uliyatni o’z bo’yniga olib, to’rt yillik mashmashaga chek qo’yish uchun konkret qadamlar tashlashi lozim.

100 mingdan oshiq odam halok bo’ldi. To’rt milliondan oshiq aholi vatangado. 10 milliondan ziyod suriyalik o’zini boqa olmay qolgan, tirikchilik va uy-joyidan ayrilgan.