Konnektikut shtatining Nyu-Xeyven shahrida yashovchi me’mor Muhammad Hofiz suriyalik bo’lib, Suriyaning urushda vayron bo’lgan imoratlari, ko’chalari nusxasini chamadonga sig’adigan hajmda yasaydi. Uning Feyrfild shahridagi muzeyda namoyish etilayotgan asarlari yuz minglab odamlarni nobud qilgan, millionlab suriyaliklarni qochqinga aylantirgan yetti yillik urush dahshatlarini tasvirlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ba’zilar meni vayronalarni yaxshi ko’radi deb o’ylashi mumkin. Lekin bunday emas. Inson ko’zi vayronadan hayratga keladi deb o’ylayman. Biror narsaning parchalanishi ortidagi murakkab jarayon diqqatimizni o’ziga tortadi. Doim nima bo’lganini bilishni xohlaymiz”, - deydi san’atkor.
Muhammad Hofiz Damashqda tug’ilib, Saudiya Arabistonida voyaga yetgan. AQShga 15 yil oldin kelib, qishloq xo’jaligi sohasida tahsil olgan.
“Amerikada sakkiz yil qolib ketdim. Go’zal vatanimga sog’inch hissi kuchaya bordi. Ijodimni metal qoldiqlari bilan ishlashdan boshladim. Damashq va Halabning urushdan oldingi ko’rinishlarini miniatyura shaklida yaratishga kirishdim”, - deydi Hofiz.
Uning hozirgi ijodi esa urush vayronalariga urg’u beradi. Jon saqlash maqsadida qochgan odamlarning xarobaga aylangan uylarini kichik shaklda yaratib, eski chamadonlarga joylaydi.
“Bu loyihaga qo’l urganimni bilgan odamlar ota-onalari, buva va buvilarining chamadonlarini menga olib kela boshlashdi. Yahudiylar, nemislar, irlandlar, hindlar…Bugungi muhojirlar boshidan o’tayotgan qiyinchiliklarga hamdard jamoalardan, muhojir ajdodlarining Amerikadagi hayotini ko’z oldiga keltirgan mahallalardan odamlar kela boshladi”, - deydi Hofiz.
Muzey mehmonlari uning ishlarida ma’no ko’radi.
“Ommaviy axborot vositalari bir bo’yoq beradigan manzaraga san’at jon kiritadi. Hofiz insonlar hayotining xilma-xil mayda parchalarini to’plab, ularga ishlov beradi, odamlarga insoniyligini qaytaradi”, - deydi Krissi Ponden.
Diqqat bilan ishlangan miniatyuralar mayda ishlari bilan o’ziga e’tibor qaratadi.
“San’atkor o’z ishlarida har bir vayronada ham, har bir xarobada ham go’zallikni payqash mumkinligini ko’rsatmoqda. Bu go’zallikni vazalarda, tuvaklarda, dorga osilgan kirlarda, chiroqlarda, stullarda ko’rish mumkin”, - deydi Melissa Demartin.
Asarlarim va odamlar o’rtasida aloqa o’rnatishga harakat qilaman, deydi Hofiz.
“Ishlarim aks-sado bersin deb san’atga qo’l urganim yo’q. Qochqinlar, amerikalik musulmonlar, muhojirlar haqida yanglish tasavvurga ega odamlarning fikrini o’zgartirish mening maqsadim”, - deydi u.
Hofizning aytishicha, san’atning betarafligi qarama-qarshi tomonlarni birlashtirishga yordam beradi.