Suriyalik bolalar - arosatda qolgan avlod

  • Amerika Ovozi

Suriyada urush yetti yildan beri davom etarkan, mojaro boshlanganda tug’ilgan bolalar haligacha tinchlik, bolalik nimaligini bilmaydi. Oilasi bilan urushdan qochganlar ham mojaro asoratlari bilan yuzlashmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriyalik bolalar - arosatda qolgan avlod

Mutaxassislarning aytishicha, urush ketining ko’rinmayotgani yangi avlod suriyaliklarga jismoniy, ruhiy va ma’naviy shikast yetkazmoqda.

Suriyada salkam ikki million bola ta’lim olishdan mahrum, mamlakatni tark etishga majbur bo’lganlardan bir millioni esa yetarlicha bilim olmayapti. Suriyada maktabga chiqayotgan bolalarning yarmi o’zini xavfsiz his qilmaydi. “Bolalarni asrang” tashkiloti vakili Eymi Richmondning aytishicha, ularning ruhiyatiga katta zarar yetgan.

“12 yashar Obid doim jahli chiqib yurishini, halablik sakkiz yashar Rihab esa bomba tushishidan qo’rqib, maktabga borishni xohlamasligini, 12 yashar Oliya bir kun o’q ovozi yoki bomba portlashini eshitmasa, o’zini g’alati his qilishini aytadi”, - deydi mutaxassis.

Eymi Richmond Suriyadan qochib, Iordaniya, Livan, Turkiyada joylashgan suriyalik bolalar bilan ishlaydi.

“Bolalarni asrang” tashkilotimiz hisobicha, har bir soatda 250 ta bola oilasi bilan qochmoqda. Zo’ravonliklarga guvoh bo’lish hamda qochqinlik natijasida yuzaga kelgan muhtojlik “toksik stress”ga sabab bo’lmoqda”, - deydi Richmond.

“Toksik stress”ga chalingan bola o’ziga shikast yetkazishi, joniga qasd qilishi, tajovuzkor harakatlarga qo’l urishi mumkin, o’rganish qobiliyati susayadi. Har bir suriyalik oilada kamida bir odam urushda o’lgan. Qochqinlar lagerida yashovchi bolalarga ko’p hollarda qo’pol muomala qilishadi.

“Bunday holatda muallim yoki terapevtning yordamidan foyda katta bo’lmasligi mumkin”, - deydi Suriya-Amerika tibbiyot jamiyatidan doktor Muhammad Xolid Hamza.

AQSh Davlat departamenti Suriya shimoli-sharqidagi jamoalar bilan maktab yoshidagi bolalar reabilitatsiyasi bo’yicha hamkorlik qilmoqda. Rassomchilik, raqs, aktyorlik mashg’ulotlari bolalarga ruhiy dardini oz bo’lsa-da yengillashtirishga yordam beradi. Sinfga kirishdan oldin bolalarga bir-biri bilan muloqot qilish ham o’rgatiladi.

“Ko’chada daydib yurishga o’rgangan, maktab nimaligini bilmaydigan bolalarni sinfda 5, 6, 7, 8 soat ushlab turish, yozish, o’qishga o’rgatish qiyin. Ularni avval ruhiy muammolarni hal qilib, so’ng alifbo va hisobga o’rgatish zarur”, - deydi Davlat departamenti vakili Katerin Bou-Marun.

Ekspertlarning ogohlantirishicha, Suriyadagi urush natijasida butun bir avlod arosatda qolmoqda, bu esa tiklanishga muhtoj mamlakat kelajagi uchun katta zarar, jiddiy yo’qotishdir.