"Ayrim arboblar balki faqat nasroniy qochqinlarni qabul qilarmiz, deyishayapti. Notinch vatanidan bosh olib chiqishga majbur bo'lgan insonlarni e'tiqodiga qarab ajratish, dinini tekshirish - uyat. Mana shunday fikr bildirayotganlarning o'zlari axir siyosiy zulmdan qochib kelgan insonlarning avlodlari. Bu uyat. Amerika xalqiga xos gap emas bu. Biz mehr-oqibatli xalqmiz. Diniy tekshiruvga o'rin yo'q bizning jamiyatimizda", - deydi Prezident Obama Amerikaning qochqinlarga, xususan suriyalik va iroqlik muhojirlarga nisbatan siyosatini tushuntirar ekan.
AQShda ayrim siyosatchilar musulmon qochqinlarni qabul qilmasdan, faqat nasroniylarga yordam berish kerak degan takliflarni olg'a surgan. Ular fikricha, musulmonlar ichida terroristlar ham kirib kelishi mumkin.
Alabama, Arizona, Arkanzas, Florida, Jorjiya, Aydaxo, Illinoys, Indiana, Kanzas, Luiziana, Meyn, Michigan, Mississippi, Nebraska, Nyu-Gempshir, Shimoliy Karolina, Ogayo, Texas va Viskonsin shtatlarining gubernatorlari Suriyadan hech kimni qabul qilmoqchi emas.
13-noyabr kuni Fransiya poytaxtida yuz bergan bir necha terror xurujlari, ularda 130 dan oshiq odam o'lgani, buning ustiga bu hujumlarni qilganidan maqtanayotgan "Islomiy davlat" guruhi endi Amerikada ham shunday harakatlar qilmoqchi ekanini aytayotgani siyosatga o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi, deydi sharhlovchilar.
"Islomiy davlat" va musulmonlar, ulrning dini orasidagi farqni tushunmaslik yoki tushunishni xohlamaslik aqlsizlikdir, deya bildiradi Obama ma'muriyati.