13-noyabr kuni Parijda sodir etilgan terror xurujlarini ko’rib dahshatga tushgan siyosatchilar Amerikaga suriyalik biror qochqinni yaqinlashtirmaslik kerak deya bong urmoqda, o'nlab shtatlarda. Prezident Barak Obama esa 10 ming suriyalik qabul qilinadi deya qayd etmoqda, Amerika eshigi ular uchun ochiq. Lekin respublikachilar bunga qarshi.
Qochqinlar orasida terrorchilar kirib kelgudek bo’lsa, Fransiyadagi singari qonli hujumlar Amerika sarhadida ham amalga oshiriladi, deydi konservatorlar.
Your browser doesn’t support HTML5
Senator Jeff Seshens fikricha, Kongress masalani ovozga qo’ymaguncha, biror qochqin kirmasligi kerak.
“Qochqinman degan odamni obdon tekshirish kerak. Tarixini bilmay qabul qilsak, ertaga yurtimizda joylashib olib, bizga qarshi qurol ko’tarsa nima qilamiz? Terrorchi bo’lsachi?”
Demokratlarning esa ensasi qotmoqda. Qochqinlar shundoq ham ming chig’iriqdan o’tadi, javobni oylab-yillab kutadi, deydi ular.
Senator Ben Kardin:
“Murakkab jarayon… Bir necha agentlik shug’ullanadi bu ish bilan. Qochqinlarning biror terror tashkilotiga, xususan “Islomiy davlat” ga aloqasi yo’qligini o’rganib chiqib, keyin qaror beriladi.”
Respublikachilar nazarida esa bu tekshiruv jarayonida xato qilinishi tayin, bosqichma-bosqinch elakdan o’tkazish kerak.
“Suriyadek beqaror, vayrona bir davlatdan kelayotgan odamning tarixini qayerdan bilamiz? Nima markaziy axborot manbai bormi ular haqda?” - deya so'raydi Seshens.
Demokratlar esa Amerika tizimiga ishoning, deydi.
“Terroristlar kirib kelishiga yo’l qo’yamizmi? Ularga tish-tirnog’imiz bilan qarshimiz. O’ta ehtiyotkorona qarorlab talab qiladi bu jarayon. Qochqinlarga imkon berish kerak. Ularga eshikni butkul yopib, mehrsizlik qilib, tinch yashaymiz deyish xato”, - deydi kongressmen Elliot Engel.
Senator Kardin xuddi shunday, deydi.
“Biz juda ochiq va bag’rikeng jamiyatmiz. Terroristlar bizni buza olmaydi, ularni deb qadriyatlarga tupurmaymiz.”
Oq uy nazarida esa qochqinlarni diniga qarab ajratish yoki qayerdan kelayotganiga qarab kiritmaslik AQSh uchun sharmandalik, uyat.
O’nlab shtatlar qochqinlarga eshigini yopmoqda, ularni qabul qilmaymiz deya Oq uyni ogohlantirmoqda, jumladan Alabama, Arizona, Arkanzas, Florida, Jorjiya, Aydaxo, Illinoys, Indiana, Kanzas, Luiziana, Meyn, Michigan, Mississippi, Nebraska, Nyu-Gempshir, Shimoliy Karolina, Ogayo, Texas va Viskonsin.
Muhojirman, boshpanasizman deb kirib keladiganlar orasida terroristlar bo’lishi muqarrar, deb chiqayotgan gubernatorlar ko’p.
“Prezident va federal hukumatga iltimosimiz shuki, bizga Suriyadan qochqin yubormang. Shimoliy Karolina shtatida ularga joy yo’q”,- deydi gubernator Pet Makrori. “Ular sinchiklab tekshirilib, xavfsizlik ko’rigidan o’tkazilib, aybsiz ekaniga ishonchimiz komil bo’lmaguncha, hatto mamlakatga yaqinlashmasin”.
Prezidentlikka nomzodlar orasida ham shunday talabni olg’a surayotganlar bor. Gap Amerika xalqi tinchligi ustida ketayotgan ekan, keskin choralar ko’rish lozim, deydi respubikachi Ben Karson, prezident poygasida oldinda ketayotgan arbob.
“Hech kimni kiritmaylik hozircha. Bu jarayon to’xtatilsin. Kongress qochqinlarga mablag’ ajratmasin va bu boradagi faoliyatni to’xtataylik. Hoziroq shunday qiling”,- deydi Karson.
Suriyadan shu paytgacha yiliga ikki ming qochqinni qabul qilayotgan hukumat kelasi yildan 10 mingga chiqaramiz deya e’lon qilgan edi. Yevropa davlatlari bilan qiyoslaganda, bu juda oz. Yevropa Ittifoqi bo’ylab kichik mamlakatlarda jami 160 ming qochqin joylashtirilishi kutilmoqda. Turkiya, Iordaniya va Livanda esa millionlab suriyaliklar lagerlarda yashaydi.
Turkiyada Katta Yigirmalik sammitida so’zlar ekan, Prezident Obama Amerika suriyaliklarga eshigini aslo yopmaydi deya va’da qildi.
“Bu insonlar axir terrorizmdan jabr ko’rib, boridan ayrilib, vatanidan bosh olib chiqqan. Ular xohlagani uchun emas, majbur bo’lgani uchun ketayapti. Ularni kiritmaslik Amerikaga xos ish emas”,- deydi Obama.
Balki faqat nasroniylarni qabul qilarmiz degan taklifni ham Oq uy qoralaydi. Ichki xavfsizlik vazirligining bildirishicha, boshpana so’ragan qochqinni chig’iriqdan o’tkazish jarayoni shundoq ham izchil. Madad so’rayotgan odamlar tegishli talablarga javob bersagina keladi, deydi rasmiylar.